
O‘zbekiston zaxiralaridagi qimmatli qog‘ozlar 1 mlrd dollardan oshdi
09.08.2025 | 12:3032203
Iyul oyida O‘zbekiston xalqaro zaxiralari 193,7 mln dollarga o‘sib, 48,74 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘sish asosan oltin narxining keskin qimmatlashi hisobiga sodir bo‘lgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oy oxirida oltin kotirovkalari unsiyasi uchun 3 306,2 dollarga yetdi. Shu bois zaxiralarning oltin qismi 265 mln dollarga ortib, 38,68 mlrd dollarga yetdi. Biroq fizik hajm 20 ming unsiyaga kamaygan, chunki oy davomida taxminan 300 ming unsiya oltin sotilgan bo‘lishi mumkin.
Valyuta zaxiralari esa 63,3 mln dollarga qisqarib, 9,50 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, qimmatli qog‘ozlar portfeli sezilarli ravishda o‘sib, 303,1 mln dollar qo‘shilishi natijasida 1,01 mlrd dollarga yetdi. Bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Muttaxassislar fikricha, O‘zbekiston oltin narxlarining davriy o‘zgarishi va global bozordagi beqarorlikni hisobga olib, zaxiralar tarkibini qisman diversifikatsiya qilmoqda. Bu moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va xavflarni kamaytirishga qaratilgan chora sifatida baholanmoqda.
Aytish joizki, avgust boshida oltin narxi 3 405 dollargacha ko‘tarildi. Shveysariya oltin quymalariga Donald Tramp bojlari qo‘llanishi haqidagi xabarlar jahon bozoridagi barqarorlikka yana ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





