add

O‘zbekistonda 130 tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari brakovka qilindi

29.09.2025 | 14:0032964

Ular orasida sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari buzilgan yoki uy sharoitida tayyorlangan taomlar bor.

O‘zbekistonda 130 tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari brakovka qilindi
Respublika bo‘ylab 300 ta bozorda amalga oshirilgan reydlar davomida 130,5 tonnadan ortiq sanitariya talablariga javob bermaydigan mahsulot aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari buzilgan yoki uy sharoitida tayyorlangan taomlar bor. Barcha mahsulotlar xavfli deb topilib, belgilangan tartibda yo‘q qilingan. Tekshiruvlar davomida sanitariya qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan 514 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy chora ko‘rilgan. Ular maxsus kiyimsiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan va ruxsat etilmagan joylarda mahsulot sotgani uchun jarimaga tortildi. Shu bilan birga, bozorlarda infratuzilmaga oid tizimli muammolar ham borligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, 111 ta bozorda go‘sht savdosi uchun, 158 tasida sut mahsulotlari uchun maxsus pavilonlar yo‘q. 27 ta bozor veterinariya laboratoriyalarisiz ishlamoqda, sakkiztasida jamoat hojatxonasi, 17 tasida chiqindixona yo‘q. 80 ta bozor suv ta’minotisiz, 142 ta bozorda esa oqova suv tizimi mavjud emas. Shuningdek, 77 ta bozorda dezinfeksiya va zararsizlantirish ishlari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilmagan. Qo‘mita ichki ishlar, soliq va veterinariya idoralari hamda bozor ma’muriyatlari bilan birgalikda sanitariya holatini yaxshilash va bozorlarni belgilangan me’yorlarga muvofiqlashtirish ishlarini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash tizimi bekor bo‘lishi haqida xabar bergan edik. Yangi tartibga binoan, mahsulotda «eng maqbul iste’mol muddati» yoki «yakuniy iste’mol muddati» ko‘rsatilishi shart bo‘ladi. Ortiqcha byurokratik jarayonlar bekor qilinib, sanitariya-epidemiologiya xulosasi, veterinariya guvohnomasi va moslik sertifikatini majburiy rasmiylashtirish talabi olib tashlanadi.

Teglar

Mavzuga oid