add

O‘zbekistonda 150 km/h harakatlanish mumkin bo‘lgan pulli yo‘llar 2030 yildan keyin paydo bo‘ladi

10.10.2025 | 16:4823165

Bo‘lajak pulli yo‘llar tez va xavfsiz harakatlanishni ta’minlaydi. Hukumat tariflar belgilash metodikasini tasdiqlaydi, Transport vazirligi esa yo‘l haqi stavkalarini belgilaydi, dedi O‘zavtoyo‘l vakili.

O‘zbekistonda 150 km/h harakatlanish mumkin bo‘lgan pulli yo‘llar 2030 yildan keyin paydo bo‘ladi
O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchun to‘lov miqdorini hukumat belgilaydi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtoyo‘llar qo‘mitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi YouTube kanaliga bergan интервюсида ma’lum qildi. Uning aytishicha, qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi to‘lov narxini hisoblash metodikasini tasdiqlashi, Transport vazirligi esa eng yuqori tarif stavkalarini belgilashi ko‘rsatib o‘tilgan. Investorlar belgilangan chegara doirasida yo‘l haqini mustaqil ravishda aniqlay oladi. Hasan Umarovning ta’kidlashicha, hukumat metodikasi ikki xil to‘lov usulini nazarda tutadi — to‘liq masofa uchun yoki har bir bosib o‘tilgan kilometr uchun. Yangi qonun kuchga kirgach, ushbu hujjat rasman tasdiqlanadi. Bunday yo‘llar 2030 yildan keyin foydalanishga topshiriladi. «Oddiy yo‘lda 100–150 km masofada harakatlansangiz, bir necha radarga duch kelasiz va har biri uchun chegirma bilan kamida 206 ming so‘m jarima to‘laysiz. Shu masofadagi pullik yo‘l bo‘ylab yurish esa taxminan 100 ming so‘mga tushadi», — dedi u.
«Umumiy foydalanishdagi bepul yo‘llarda ruxsat etilgan tezlik 90—110 km/h bo‘lsa, pulli yo‘llarda 150 km/soatgacha harakatlanish mumkin bo‘ladi. [Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi] qonun kuchga kirgach, yo‘l harakati qoidalariga qo‘shimchalar kiritiladi», — dedi qo‘mita vakili.
Mutaxassisning fikricha, pullik yo‘llarda soatiga 150 km tezlikda harakatlanish fuqarolarga vaqtni tejash va xavfsizlikni oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, bunday trassalar ommaviy yo‘llardagi tig‘izlikni ham kamaytiradi. Qonunchilik palatasi 23 sentyabr kuni «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunning yangilangan tahririni qabul qilgan edi. Hujjat yo‘l xo‘jaligi sohasiga yangi mexanizm va huquqiy normalarni joriy etadi hamda mamlakatda pulli avtomagistrallar tarmog‘ini barpo etish uchun huquqiy asos yaratadi. Pulli yo‘llar masalasi O‘zbekistonda 2018 yildan beri muhokama qilinmoqda. Xususan, Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishlaridagi trassalar loyihalari dolzarb hisoblanadi. H.Umarov bunday yo‘llarni qurib, foydalanishga topshirish uchun 5-6 yil zarur bo‘lishini ta’kidladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent–Samarqand pulli yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslari yakunlangan bo‘lib, uzunligi taxminan 300 km bo‘lgan magistralda harakat vaqti hozirgi besh soatdan uch soatgacha qisqaradi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda 150 km/h harakatlanish mumkin bo‘lgan pulli yo‘llar 2030 yildan keyin paydo bo‘ladi | Vaqt.uz