
O‘zbekistonda 2025-yilda nikohlar kamayib, ajralishlar ko‘paydi
Ajralishlarning 60 foizi shaharlarga, 40 foizi qishloqlarga to‘g‘ri kelgan. Nikohlar soni esa so‘nggi 10 yildagi eng past darajaga tushib ketdi.

O‘zbekistonda 2025-yil davomida qayd etilgan nikohlar soni 267,1 mingtani tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Yil davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan nikohlar soni 2024-yilga nisbatan 4,7 mingtaga kamaygan. Har minga aholiga to‘g‘ri keladigan nikohlar soni 7,3 dan 7,1 gacha tushib ketgan.

Nikohlar soni 2021-yildan beri doimiy kamayib kelmoqda. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida bunchalik kam nikoh tuzilmagan edi.
2025-yilda nikohdan ajralishlar soni 46,9 mingtani tashkil qilgan. Bunda har mingta aholiga nisbatan ajralish koeffitsiyenti 1,2 ko‘rsatkichda bo‘lgan.
Ajralishlar soni 2025-yilning yanvar-dekabr oylarida 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,8 mingtaga ko‘paygan. Har ming aholiga nisbatan ajralish koeffitsiyenti 2024 yilda ham 1,2 ko‘rsatkichda edi.
Mamlakat bo‘ylab qayd etilgan nikohlar soni 267,1 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, shundan shahar joylarida 132,6 mingta (49,7 foiz), qishloq joylarida 134,5 mingta (50,3 foiz) ro‘yxatdan o‘tgan. Ya’ni, qishloqlarda shaharga qaraganda biroz ko‘proq nikohlar qayd etilgan.

Biroq, nikohdan ajralishlar soni shaharlarda ancha ko‘p bo‘lgan. Ajralishlarning 60,1 foizi shaharlarga, 39,9 foizi qishloqlarga to‘g‘ri keladi.
Shunga qaramay, shaharlar va qishloqlar o‘rtasidagi ajralishlar tafovuti qisqarib bormoqda. 2024-yilda ajralishlar nisbati 62 foizga 38 foiz ko‘rinishida edi.





