
O‘zbekistonda 2030 yilgacha xorijiy turistlar soni 20 mln nafarga yetkaziladi
O‘zbekiston turizmni kompleks rivojlantirib, besh yil ichida xalqaro sayyohlar oqimini sezilarli oshirishni maqsad qilmoqda.

O‘zbekiston 2030 yilga qadar xorijiy turistlar sonini 20 millionga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadlar jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasida belgilangan bo‘lib, 2026–2030 yillarda turizm sohasini tizimli rivojlantirishni nazarda tutadi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yilda mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni 12 millionni tashkil etadi. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich oshirilib, 2030 yilga kelib 20 millionga yetkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun vizasiz rejimlar, transport ochiqligi va xizmatlar sifatiga alohida e’tibor qaratiladi.
Ichki turizm ham faol qo‘llab-quvvatlanadi. «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida 2026 yilda 24 millionta ichki sayohat amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 2030 yilga kelib bu ko‘rsatkich 25 millionga yetadi. Shu bilan birga, ziyorat turizmiga tashrif buyuruvchilar soni 2026 yildagi 2 milliondan 2030 yilga kelib 3 milliongacha oshiriladi.
Strategiya doirasida turistik infratuzilmani rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Xususiy investitsiyalar hisobiga 2026 yilda uchta, 2030 yilga kelib esa beshta turistik klaster tashkil etiladi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 4 mingta yangi mehmonxona, mehmon uylari va xostellar barpo etiladi.
Transport ochiqligini oshirish maqsadida tog‘li hududlarda 25 ta yangi yo‘l qurilishi rejalashtirilgan. Turistik marshrutlarga kiritilgan tuman, qishloq va ko‘chalar soni esa 2026 yildagi 100 tadan 2030 yilga kelib 175 taga yetkaziladi.
Turizm xizmatlari eksporti 2026 yildagi 4,8 milliard dollardan 2030 yilga kelib 6 milliard dollargacha oshiriladi. Tibbiy va ta’lim turizmi eksporti esa shu davrda 500 million dollardan 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.





