
O‘zbekistonda 29 mingdan ziyod yangi korxonalar tashkil etildi
17.06.2025 | 14:4038953
2025 yilning birinchi to‘rt oyi davomida yurtimizda 29 mingdan ziyod yangi korxona va tashkilotlar tashkil etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,2 foiz ko‘p bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz jami 29 134 ta yangi korxona va tashkilot tashkil etilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 5,2 foizga ko‘proqdir.
Hududlar kesimida Toshkent shahri 6 363 ta yangi korxona bilan yetakchilik qilmoqda. Undan so‘ng Toshkent viloyatida 2 743 ta, Farg‘ona viloyatida 2 558 ta va Xorazm viloyatida 2 464 ta yangi xo‘jalik sub’ektlari qayd etilgan.
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida mos ravishda 2 202 va 1 858 ta yangi tashkilotlar tashkil etilgan. Shuningdek, Buxoro viloyatida 1 810 ta, Surxondaryo viloyatida 1 720 ta, Andijon viloyatida 1 512 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan.
Namangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan korxonalar soni mos ravishda 1 387 va 1 370 tani tashkil etgan. Jizzax viloyatida 1 303 ta, Navoiy viloyatida 1 160 ta va Sirdaryo viloyatida 684 ta yangi korxona qayd etilgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy faollikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosat natijasi sifatida baholanmoqda.





