O‘zbekistonda 37 ta tashkilot film moliyalashtiradi. Ular orasida 3 ta bank ham bor
Madaniyat vazirligi muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Endi sohada davlat buyurtmasi tartibi bekor qilinib, loyihalar pitching asosida 100 foiz xususiy sektor ishtiroki bilan davlat budjeti subsidiyasi hisobidan moliyalashtiriladi. Tugatilayotgan agentlik va uning tizim tashkilotlariga tegishli 12 ta davlat mulki obyekti ommaviy sotuvga qo‘yilib, ulardan tushgan pullar milliy kinokompaniyaga beriladi.
© WikimediaPrezident 21-noyabrda «Kinematografiya sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va «O‘zbekfilm» milliy kino brendini yaratishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Bu hujjat bilan 37 ta vazirlik va davlat korxonasi har yili bittadan filmni moliyalashtiradi.
Davlat rahbarining farmoniga asosan, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, uning huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi, qolaversa, «O‘zbekfilm» milliy kinokonserni, Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi (xronikal filmlar ishlab chiqarish O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga o‘tadi), «Qoraqalpoqkino» agentligi, «Sharq yulduzi kino», «Do‘rmon» kinoijodkorlar uyi, «Yoshlik» kinostudiyasi hamda 13 ta hududiy bo‘lim tugatiladi.
Madaniyat vazirligi muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Endi sohada davlat buyurtmasi tartibi bekor qilinib, loyihalar pitching asosida 100 foiz xususiy sektor ishtiroki bilan davlat budjeti subsidiyasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Umumiy hisobda 37 ta tashkilot 2027 yildan boshlab har yili mart oyida o‘z mablag‘lari hisobidan bittadan film ishlab chiqarish uchun «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasiga pul ajratadi. Ular orasida Bosh prokuratura, 12 ta vazirlik, 5 ta qo‘mita va qator tashkilotlar bor. Jumladan, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, «O‘zbektelekom», «Navoiyuran», «O‘zbekgidroenergo», «O‘ztransgaz», «O‘zbekneftgaz», «Hududgazta’minot», «Uzbekistan Airways», «O‘zbekiston temir yo‘llari» bor. Banklardan esa «O‘zmilliybank», «O‘zsanoatqurilishbank» va «Agrobank» pul beradi.
Keyingi yildan Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hisobidan har uch yilda bittadan kinoloyihaga, Savdo-sanoat palatasining Tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan esa har yili 10 tadan kinoloyihaga mablag‘ ajratib boriladi. Ushbu filmlardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq va mulkiy huquqlar «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasiga tegishli bo‘ladi.
2027-yil mart oyigacha 1924-yildan buyon davlat mablag‘lari va studiyalari tomonidan yaratilgan barcha filmlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. 2028-yil 1-yanvardan davlat hisobidan olingan barcha filmlar va davlat arxivlaridagi kino merosi obyektlari raqamli formatda bepul asosda «O‘zbekfilm» onlayn kino platformasiga majburiy taqdim etib boriladi, xususiy studiyalar filmlari esa shartnoma asosida joylashtiriladi.
Ayrim binolar sotuvga chiqariladi
Tugatilayotgan agentlik va uning tizim tashkilotlariga tegishli 12 ta davlat mulki obyekti ommaviy sotuvga qo‘yiladi. Ular orasida Toshkent shahridagi «G‘uncha» kinoteatri, Milliy kinofond ma’muriy binosi, sobiq kinoprokat korxonasi binosi, Bo‘stonliq tumani Nanay qishlog‘idagi 5,2 gektarlik «Dinap» suratga olish maydoni, Samarqanddagi «Qo‘shrabot» kinoteatri hamda 6 ta hududiy bo‘limning ma’muriy binolari bor. Bu obyektlarni sotishdan tushgan pullarning hammasi «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasiga beriladi.
Kinokompaniyaning 10 gektar yer maydonida yagona industrial klaster — «O‘zbekfilm» kino shaharchasi hamda Dolby Atmos texnologiyasi asosidagi studiya bilan jihozlangan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi barpo etiladi. Ushbu obyektlarni 2027-yilda qurib, jihozlash rejalashtirilgan. Toshkentda esa mahalliy budjet hisobidan bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi tashkil etiladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi «Ko‘hinur» sanatoriysi mulkiy majmuasi «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasiga begaraz mulk huquqi bilan beriladi. Shuningdek, federatsiya tizimidagi sanatoriylarda har yili 300 nafargacha soha vakilining bepul dam olishi va sog‘lig‘ini tiklashi uchun yo‘llanmalar ajratiladi.
Ish haqi va subsidiya
Film ijodkorlari va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning gonorari (ish haqi) shartnoma, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida erkin belgilanadi. Kinostudiyalarga filmni ishlab chiqarish jarayonida film budjetining 10 foizigacha miqdorda naqd pul bilan hisob-kitob qilishga ruxsat etiladi. Bunda naqd pul bilan bog‘liq xarajatlar bo‘yicha film direktori (prodyuser), rejissyor va xizmati uchun naqd pulni olgan shaxs tomonidan dalolatnoma tuziladi va u soliq organiga topshiriladi. Milliy seriallar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun har yili «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasiga 12 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya mablag‘lari ajratiladi.
Audiovizual asarlar (kino, serial, multfilm, hujjatli film, teleko‘rsatuv) yaratishda respublika hududida amalga oshirilgan xarajatlarning bir qismini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish (rebate) bo‘yicha belgilangan kompensatsiyalar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan to‘lab beriladi va bu maqsadlar uchun har yili 20 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bunda xorijiy kinokompaniyalar uchun xarajatlar summasining qoplab beriladigan miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
«O‘zbekiston milliy kinofondi» davlat muassasasi «O‘zbekfilm milliy kinofondi» davlat muassasasi deb qayta nomlanishi munosabati bilan uning amaldagi 17 ta shtat birligi, xodimlariga 50 foiz miqdorida shaxsiy ustamalar to‘lash va Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi. «O‘zbekfilm milliy kinofondi» davlat muassasasiga moliyalashtirish manbaidan qat’i nazar, mahalliy kinostudiyalar tomonidan ishlab chiqarilgan filmlar va ularning boshlang‘ich materiallari, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bo‘yicha tayyorlangan video va foto materiallari saqlash uchun bir nusxada topshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, davlat ulushi mavjud xo‘jalik birlashmalariga budjetdan tashqari mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan filmlar ishlab chiqarish uchun mablag‘larni yo‘naltirishga ruxsat etiladi.





