add

O‘zbekistonda 8,5 mln litr sifatsiz neft aniqlandi

Kecha 09:192122 daqiqa

O‘zbekistonda o‘tgan 11 oy davomida 8,5 mln litrdan ortiq sifati past yoqilg‘i aniqlangan.

O‘zbekistonda 8,5 mln litr sifatsiz neft aniqlandi

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qilishicha, 2025 yil davomida o‘tkazilgan tekshiruvlarda 8,5 mln litrdan ortiq standartlarga javob bermaydigan yoqilg‘i aniqlangan.

Inspeksiya hisobotida qayd etilishicha, 26-noyabr—2-dekabr kunlari 90 ta AYQSHdan olingan 191 ta namuna tahlil qilingan. Natijada 23 ta holatda jami 306 ming litrdan ortiq neft mahsuloti amaldagi davlat standartlariga mos kelmagani sabab sotuvdan olingan.

Yil boshidan buyon o‘tkazilgan keng qamrovli nazorat chora-tadbirlari doirasida 632 ta obyekt tekshirilgan. Shularning 210 tasida jami 8,57 million litr mahsulot sifati buzilgani aniqlanib, ularning sotuvga chiqishiga yo‘l qo‘yilmagan. Inspeksiya bunday holatlar nafaqat bozordagi raqobatni, balki iste’molchilar xavfsizligini ham jiddiy xavf ostiga qo‘јishini ta’kidlamoqda.

Toshkent shahri va viloyatida ham 70 ta AYQSHdan 146 ta namuna olib tekshirilgan. Natijada 18 ta holatda 205 ming litrdan ziyod mahsulot talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekistonda prezidentning 18-noyabrdagi qaroriga asosan 2025 yil 1-dekabridan boshlab AI-80 benzini sotuvi ham to‘xtatilgandi. Ushbu ishlar nazoratiga Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ekologiya qo‘mitasi mas’ul etib tayinlangan.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, endi sifatsiz mahsulotdan fuqarolar salomatligiga zarar yetsa, muvofiqlikni baxolash organlari ham javobgar bo‘ladi. Mutasaddilar bu tartib nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishini qayd etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid