
O‘zbekistonda 9 oyda xizmat ko‘rsatish loyihalariga 62,3 trln so‘m kredit ajratildi
Tijorat banklari tomonidan 94 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatish loyihalari uchun kredit mablag‘lari ajratildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 94,2 mingta loyihaga qariyb 62,3 trln so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, chakana savdoda 19,2 mingta, maishiy xizmatda 5,5 mingta, ta’lim va tibbiyot sohalarida 2,8 mingta, umumiy ovqatlanish sohasida 2,5 mingta, turizm bilan bog‘liq yo‘nalishlarda 636 ta hamda 16,6 mingdan ziyod boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirildi.
Avvalroq, 2025 yilning 9 oyligida O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi 722,1 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumot uchun, 9 oy mobaynida hududlarda jami 47,3 mingga yaqin yangi savdo va servis ob’ektlari ishga tushirilishi natijasida 97,4 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.





