add

O‘zbekistonda aloqa operatorlari soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni bloklay boshladi

22.10.2025 | 12:204291

Mobil operatorlar Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni avtomatik bloklaydigan «anti-spoofing» tizimini ishga tushirdi. Bu yangilik abonentlarni telefon firibgarligidan himoya qiladi.

O‘zbekistonda aloqa operatorlari soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni bloklay boshladi

O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlari telefon firibgarligining oldini olish va shaxsiy ma’lumotlarning sizib chiqishini cheklash maqsadida «anti-spoofing» (antispufing) texnologiyasini joriy etdi. Loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi va ko‘magida amalga oshirildi.

Beeline kompaniyasi 17 oktyabr kuni, Mobiuz esa 21 oktyabrda tizim ishga tushirilganini ma’lum qildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi (RTV) barcha mobil operatorlar ushbu texnologiyani joriy etayotganini tasdiqladi. Yangilik barcha abonentlarda avtomatik tarzda ishlaydi va mutlaqo bepul hisoblanadi.

Beeline’ning ma’lumot berishicha, tizim raqamning haqiqiyligini tekshiradi. Agar xorijdan kelayotgan qo‘ng‘iroq O‘zbekistondagi haqiqiy raqamni «998» prefiksi bilan soxtalashtirib yo‘llansa, sistema uni bloklaydi. Shuningdek, go‘yoki rouming raqamlaridan amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqlar ham avtomatik rad etiladi.

Tizim SIM-karta orqali qurilmaning aniq joylashuvini tekshiradi va abonent uy tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, firibgar qo‘ng‘iroqlar abonentga yetib borguncha to‘xtatiladi.

Mobiuz ma’lumotlariga ko‘ra, «anti-spoofing» tizimi sentyabr oyida ishga tushirilgan va shundan beri xalqaro firibgarlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlar samarali bloklanmoqda. Shuningdek, robotli qo‘ng‘iroqlarni avtomatik aniqlash va bloklash tizimlari ham joriy qilingan.

Yangi texnologiya RTVning telefon firibgarligiga qarshi keng ko‘lamli dasturining bir qismi bo‘lib, u abonent xavfsizligini ta’minlash va raqamli muhitda ishonchli aloqani kafolatlashni ko‘zda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda aloqa operatorlari soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni bloklay boshladi | Vaqt.uz