add

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish 9 oyda 10 foizga oshdi

23.10.2025 | 14:301471

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakatda 326 mingdan ortiq yengil va 3,2 ming yuk avtomobili ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foiz ko‘p.

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish 9 oyda 10 foizga oshdi

O‘zbekistonda avtomobil sanoati 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida barqaror o‘sishni namoyon etdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–sentyabr davrida 326 364 dona yengil va 3 215 dona yuk avtomobili ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan tegishlicha 9,6 va 28,9 foizlik o‘sishni anglatadi.

Yengil avtomobillar orasida «Cobalt» modeli an’anaviy ravishda yetakchilikni saqlab qolgan — 116 mingdan ortiq mashina ishlab chiqarilgan. Undan keyingi o‘rinlarda «Gentra» — 67,8 ming dona va «Onix» — 34,1 ming dona bilan qayd etilgan. Shu bilan birga, yangi turdagi modellar ulushi ham ortib bormoqda: «KIA» — 22,5 ming, «Chery» — 19,6 ming, «Haval» — 6,8 ming va «BYD» — 6,2 ming dona ishlab chiqarilgan.

Avtomobil sanoatining diversifikatsiyasi va import o‘rnini bosish jarayonlari ham sur’at bilan ketmoqda. Yangi brendlar va modellarning joriy etilishi ichki bozorda raqobatni kuchaytirayotgani aytiladi.

Maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi esa 18 879 donani tashkil etgan. Bu segmentda asosan xizmat ko‘rsatish sohasi va davlat tashkilotlari ehtiyojlariga mo‘ljallangan modellar ustunlik qilgan.

Ekspertlar ta’kidlashicha, ichki talab barqarorligi va eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarining kengayishi natijasida 2025 yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmi 400 ming donadan oshishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid