
O‘zbekistonda ba’zi joylarda odamlarni tasvirga olish endi faqat ularning izni bilan amalga oshiriladi
12.09.2025 | 09:0044634
O‘zbekistonda insonlar tasviriga oid huquqlar aniq chegaralanmoqda: suratga olish va tarqatish uchun avval rozilik olish majburiy bo‘ladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 9 sentyabr kuni «Shaxs tasvirini suratga olish va foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Yangi qoidalarga ko‘ra, odamlarning tasvirini suratga olish va tarqatish faqat ularning roziligi asosida amalga oshiriladi.
Aholini qiziqtirayotgan eng muhim jihatlardan biri — kiyim do‘konlari, mehmonxonalar, hammomlar va shifoxonalardagi kameralar taqiqlanishi bo‘ladi. Adliya vazirligi o‘rinbosari Mahmud Istamovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda shunday joylardagi yashirin tasvirlar internetda tarqalmoqda va bu shaxsiy daxlsizlikka xilofdir.
Qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan bolalar va huquqiy layoqatga ega bo‘lmagan shaxslarni suratga olish uchun ularning qonuniy vakillari ruxsati talab etiladi. Agar shaxs o‘z tasvirini tarqatishdan voz kechsa, u har qanday vaqtda roziligini qaytarib olish va suratni o‘chirtirish huquqiga ega.
Shu bilan birga, qonun ba’zi holatlarda ruxsatsiz suratga olishni qonuniy deb hisoblaydi. Bular qatorida — huquqbuzarliklarni fosh etish, davlat xodimlarini xizmat paytida suratga olish, ommaviy tadbirlarda yoki ochiq jamoat joylarida olingan suratlar va videolar bor.
Adliya vazirligi ushbu qonunni ishlab chiqishda 30 dan ortiq davlat — Janubiy Koreya, AQSH, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Shveysariya va MDH davlatlari tajribalarini o‘rgangan. Birinchi o‘qishda qonunni 106 deputat qo‘llab-quvvatladi, qarshi ovozlar kuzatilmadi.
Qonun boshqa o‘qishlarda yakuniy qabul qilingach, Senat muhokamasiga jo‘natiladi. Senat ham ma’qullasa, Prezidentga imzolash uchun yuboriladi va mutbaotda e’lon qilingan kunda kuchga kiradi.





