add

O‘zbekistonda besh davlat ishtirokida «Birlik – 2025» yirik harbiy o‘quv mashg‘uloti boshlandi

16.10.2025 | 12:3020934

Mashg‘ulotlar Samarqand viloyatidagi «Kattaqo‘rg‘on» poligonida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarboyjon harbiylari ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekistonda besh davlat ishtirokida «Birlik – 2025» yirik harbiy o‘quv mashg‘uloti boshlandi
14 oktyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan «Kattaqo‘rg‘on» poligonida «Birlik – 2025» deb nomlangan mintaqaviy birgalikdagi harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi. Bu — Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon ishtirokidagi eng yirik hamkorlik o‘quvlaridan biri hisoblanadi. O‘quvda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarboyjon mudofaa vazirliklari bo‘linmalari qatnashmoqda. Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotning asosiy maqsadi mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, harbiy hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy xavf-xatarlarga javob berish salohiyatini oshirishdir. Ta’kidlanishicha, mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar zamonaviy jangovar tajribaga asoslangan holda qo‘shma operatsiyalar o‘tkazishni o‘rganadi. Ular artilleriya, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli texnika va boshqa qurol turlaridan foydalanib, uzoq masofadagi nishonlarni aniq yo‘q qilish amaliyotini sinab ko‘radi. Bu orqali ishtirokchi armiyalar taktik hamkorlik va jang maydonidagi muvofiqlikni takomillashtiradi. Mashg‘ulot doirasida jangovar tayyorgarlik, taktik musobaqalar va ilg‘or jangovar usullarni qo‘llash bo‘yicha mashqlar tashkil etilgan. Shu bilan birga, harbiylar Samarqand shahriga tashrif buyurib, tarixiy va ma’naviy meros bilan tanishadilar. Tadbir doirasida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon mudofaa vazirlarining ilk uchrashuvi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu uchrashuv mintaqada xavfsizlik va hamkorlik sohasida yangi bosqichni boshlashi kutilmoqda. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ta’kidlashicha, «Birlik – 2025» o‘quvi nafaqat harbiy malaka almashish imkonini beradi, balki mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid