
O‘zbekistonda biogazdan metan ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi
25.06.2025 | 18:009143
O‘zbekistonda biogazdan metan ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion sinov loyihasi boshlanadi. Loyiha Yaponiya kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida vazir Aziz Abduhakimov hamda Yaponiyaning «Le One Co., Ltd» kompaniyasi bosh direktori Xaruki Yamasaki o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Suhbatda ikki tomonlama hamkorlik va O‘zbekistonda ekologik texnologiyalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida yaponiyalik kompaniya 2025–2030 yillar uchun Yaponiya energetika va sanoatni rivojlantirish tashkiloti (NEDO) tomonidan 4 million dollar grant yutgani ma’lum qilindi. Bu mablag‘ biogazdan metan ishlab chiqarishni sinov tarzida joriy etish uchun ajratiladi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonda biologik chiqindilarni qayta ishlash orqali biogazdan metan ishlab chiqarish uchun tajriba zavodi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus chiqindilarni xavfsiz yo‘q qilish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi uchun biogumus tayyorlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida kimyoviy yuvish, chuqur tozalash va gibrid siklli texnologiyalar Yaponiya standartlari asosida joriy etilishi rejalashtirilgan. Ushbu texnologik yechim biogazdan muqobil energiya manbai sifatida foydalanish imkoniyatini yaratadi hamda atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytiradi.
Muzokaralar yakunida «Le One Co., Ltd» kompaniyasi va O‘zbekiston Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish agentligi o‘rtasida ikki tomonlama bitim tayyorlash va imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiq qolish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.





