
O‘zbekistonda biznes bilan shug‘ullanish ko‘rsatkichi qanday?
2025 yilda soliq, eksport va kredit ko‘rsatkichlarining o‘sishi O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati barqaror kengayib borayotganini ko‘rsatdi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylari yakunida O‘zbekistonda biznes faolligi sezilarli darajada oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 foizga o‘sib, iqtisodiy faollikda barqaror ijobiy dinamika shakllanganini ko‘rsatdi.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Navoiy, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etildi. Ushbu hududlarda soliq tushumlari o‘rtacha 36 foiz atrofida o‘sgan bo‘lib, bu ishlab chiqarish, xizmatlar va savdo faoliyatining kengayishi bilan bog‘liq.
Soliq turlari bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 20,1 foizga, mol-mulk solig‘i 16,5 foizga, yer solig‘i esa 21,2 foizga oshgan. Bu aholi bandligi va mulk faolligining o‘sishi bilan izohlanadi.
Bojxona to‘lovlari ham yillik hisobda 20,3 foizga o‘sdi. Ayniqsa, Sirdaryo viloyatida ushbu ko‘rsatkich 63,9 foizga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 39 foizga yetdi. Toshkent, Navoiy, Jizzax va Namangan viloyatlari hamda poytaxtda bojxona tushumlari o‘rtacha 30 foizga oshgan.
Tashqi iqtisodiy faollikda ham ijobiy tendensiya saqlandi. Tovarlar eksporti 12,4 foizga o‘sib, eng yuqori sur’atlar Surxondaryo viloyatida qariyb 70 foiz, Samarqand viloyatida esa 32,3 foiz darajasida qayd etildi. Bu hududlarda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti faollashgan.
Kreditlash hajmidagi o‘sish biznes faolligining yana bir muhim ko‘rsatkichi bo‘ldi. Hisobot davrida tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar 37,7 foizga ko‘paydi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida 78,6 foiz, Namangan viloyatida 49,8 foizni tashkil etdi. Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrida ham kreditlash o‘sishi 40 foizdan yuqori bo‘ldi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi 21,2 foizga oshdi. Ayniqsa, Buxoro viloyatida birja faolligi 35,9 foizga o‘sdi, Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida esa o‘rtacha 33 foiz atrofida o‘sish qayd etildi.





