add

O‘zbekistonda bolalar pornografiyasi va jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo og‘irlashtiriladi

16.09.2025 | 18:3014104

O‘zbekistonda bolalarni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik va pornografiyadan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi.

O‘zbekistonda bolalar pornografiyasi va jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo og‘irlashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Loyihaga ko‘ra, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik kodekslariga bir qator o‘zgartishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, bolalar aks etgan pornografik mahsulotlarni saqlash uchun javobgarlik belgilanadi, shuningdek, internet orqali yoki boshqa usullarda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytiriladi. Qonunga kiritilayotgan yangiliklardan yana biri — bola ishtirokidagi tergov jarayonlari tartibini aniq belgilash. Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritiladigan qo‘shimchalarga ko‘ra, voyaga yetmaganlar guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilinganda ularning bir kunlik so‘roq muddati chegaralanadi hamda ularning qonuniy vakillari tergov jarayonlarida ishtirok etishi ta’minlanadi. Bu choralar bolalarning ruhiy salomatligiga ortiqcha bosim tushishini oldini olishga qaratilgan. Muhokama jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasiga tayyorgarlik bosqichida bir qator ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Jumladan, siyosiy partiyalar fraksiyalari, ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar, olimlar va bolalar huquqi bo‘yicha ombudsman ishtirokida yig‘ilishlar va seminarlar tashkil etilgan. Mazkur qonun loyihasi avvalroq, 2024 yil 29 aprelda Qonunchilik palatasida muhokama qilingan edi. O‘shanda deputatlar taklif va e’tirozlari inobatga olinib, loyiha qayta ishlash uchun qaytarilgan. Xususan, Jinoyat kodeksining ayrim moddalariga kiritilgan o‘zgarishlar chiqarib tashlangan va «Bola huquqlariga kafolatlar to‘g‘risida»gi qonunga elektron reyestr yuritish bo‘yicha qo‘shimchalar kiritilmagan. Yangi tahrirda qonun matni huquqiy texnik talablarga muvofiq ravishda ishlab chiqildi va tashabbuskorlar pozitsiyasiga uyg‘un holda taqdim etildi. Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yanvar–avgust oylarida 2872 nafar bola turli jinoyatlardan jabr ko‘rganligi haqida xabar bergan edik.  Ulardan 1225 nafari, ya’ni 42,7 foizi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Teglar

Mavzuga oid