
O‘zbekistonda chet elliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi
07.10.2025 | 14:302213
2026 yildan xorijliklar mamlakatda turli imtiyozlar asosida maxsus soliq to‘lovchisi sifatida faoliyat yurita oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025 yil 4 oktyabr kuni imzolangan PF–180-sonli farmon bilan chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy etish belgilandi. Hujjat 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Farmonga muvofiq, belgilangan shartlarga javob beradigan xorijlik shaxslar O‘zbekiston hududidan tashqaridagi manbalardan olgan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Bu rejim mamlakatga investitsiyalar oqimini kuchaytirish, malakali mutaxassislarni jalb etish va ishbilarmon muhitni yanada ochiq qilishni maqsad qiladi.
Maxsus soliq rejimida ishtirok etuvchi xorijliklar uchun qator talablar belgilangan. Ular 50 ming AQSH dollari miqdorida maxsus yig‘im to‘lashi va O‘zbekistondagi vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘ini yoki maxsus kripto-birjada kripto-hamyon ochishi lozim.
Shuningdek, ketma-ket 12 oylik davrda jami 30 kalendar kundan ortiq O‘zbekistonda bo‘lgan va mamlakat hududida turar joy ko‘chmas mulkiga egalik qiluvchi shaxslar soliq rezidentlari sifatida e’tirof etiladi. Bu ularga mamlakat ichida ham, xalqaro miqyosda ham soliq masalalarida qo‘shimcha qulayliklar yaratish imkonini beradi.
Maxsus soliq rejimi joriy etilishi O‘zbekistonning xorijiy investorlar uchun yanada jozibador va ochiq iqtisodiyotga aylanishida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.





