add

O‘zbekistonda davlat xizmatlarining 40 foizi xususiy sektorga o‘tadi

05.01.2026 | 18:182 daqiqa

«O‘zbekiston–2030» strategiyasining yangi tahririda davlat xizmatlarini raqamlashtirish va bozor mexanizmlari orqali samaradorlikni oshirish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekistonda davlat xizmatlarining 40 foizi xususiy sektorga o‘tadi

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida aholiga qulay, tezkor va shaffof davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qator tashabbuslar belgilangan. Hujjatda davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etilgan.

Ushbu loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonning BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida «Top-30» talikka kirishi maqsad qilingan. Shuningdek, elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish rejalashtirilmoqda.

Fuqarolar murojaatlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida «Xalq nazorati» portali har bir hududda to‘liq joriy etiladi. Shu bilan birga, faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushi 50 foizgacha yetkaziladi.

Davlat xizmatlarini yangi formatda taqdim etish ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Kompozit va proaktiv tarzda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni kamida 400 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu fuqarolarga bir nechta xizmatni bir vaqtning o‘zida olish imkonini beradi.

Raqamlashtirish doirasida mavjud 40 million hujjatdan 25 millioni raqamlashtiriladi. «Raqamli hukumat» yagona platformasiga ulangan servislar soni 700 taga yetkazilib, davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.

Eng muhim yangiliklardan biri — davlat xizmatlarining 40 foizini xususiy sektorga o‘tkazish rejasi hisoblanadi. Bu orqali xizmatlar bozorida raqobat kuchayib, sifat va tezkorlik oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 100 tadan ortiq xizmat ko‘rsatish muddatlari 50 foizga qisqartirilib, 500 ga yaqin tartib-taomillar soddalashtiriladi.

Teglar

Mavzuga oid