O‘zbekistonda dronlar yordamida ekin maydonlar monitoring qilinadi

10.03.2026 | 21:232 daqiqa

«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» qoshida dronlarni boshqarish kurslari, kosmik tadqiqotlar va sun’iy yo‘ldoshlar laboratoriyasi tashkil etiladi.

O‘zbekistonda dronlar yordamida ekin maydonlar monitoring qilinadi © Foto: president.uz

O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi sohasida ilm-fanni amaliyot bilan bog‘lash maqsadida dual ta’lim tizimi joriy etiladi va suv diplomatiyasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash kengaytiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni sohada muhandis kadrlar tayyorlashni takomillashtirishga doir taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti 11 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta ta’lim yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarning bandlik darajasi 93 foizni tashkil etadi. Universitetda xorijlik talabalar va professor-o‘qituvchilarning soni ham izchil oshib bormoqda.

«4+2» tizimi va haq to‘lanadigan amaliyot

Taklif etilgan yangi tizimga ko‘ra, talabalar 4 kun nazariy bilim oladi, 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq to‘lanadigan amaliyot o‘taydi. Jumladan, suv xo‘jaligi yo‘nalishida suvni tejash va sug‘orishni samarali tashkil etish, gidrotexnika va gidroenergetika sohasida kanallarni betonlash, smeta tuzish va kichik gidroelektr stansiyalar qurilishida ishtirok etish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash yo‘nalishida texnikalarni tayyorlash va hosilni yig‘ishtirish ishlarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

Taqdimotda mamlakat suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bog‘liqligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, suv resurslari sohasida diplomat kadrlarni tayyorlash muhim strategik vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.

Universitetda tashkil etilgan «Xalqaro suv diplomatiyasi» magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul o‘rinlarini ko‘paytirish taklifi ma’qullandi. Bu dastur orqali qo‘shni davlatlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Innovatsiyalar va tizimli yondashuv

Shuningdek, universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini kuchaytirish maqsadida dronlardan foydalanib, ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni prognozlashtirish, zararkunandalarga qarshi kurashish kabi xizmatlarni, kosmik monitoring ma’lumotlari asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda universitetda dronlarni boshqarishga o‘qitish kurslari joriy etiladi, kosmik tadqiqotlar va sun’iy yo‘ldoshlar laboratoriyasi, kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, universitetda raqamli boshqaruv va KPI tizimlarini joriy etish, ta’limning uzluksiz «maktab – texnikum – universitet – ishlab chiqarish» zanjiri asosida kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bo‘yicha rejalar ham ma’lum qilindi.

Taqdimot yakunida davlat rahbari qishloq va suv xo‘jaligi sohalari uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash hamda ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Teglar

Mavzuga oid