
O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi avtomashina ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
22.07.2025 | 19:3035242
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistondagi avtosanoat korxonalari tomonidan 185 mingdan ortiq yengil avtomashina ishlab chiqarilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida yirik avtosanoat korxonalari tomonidan 185 622 dona yengil avtomashina (maxsus yengil avtomobillardan tashqari) ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Modellar kesimida Cobalt rusumi 73 102 dona bilan eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomashina bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda 45 992 dona bilan Damas avtomodeli qayd etilgan. Uchinchi o‘rin esa 22 847 dona Tracker modelidan to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, Onix avtomobili 17 249 dona, KIA — 11 763 dona, Chery — 4 131 dona, Haval — 3 538 dona miqdorda ishlab chiqarilgan. Elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasida BYD 7 000 dona mahsulot bilan e’tiborga tushgan.
Bundan tashqari, alohida kategoriya sifatida 23 351 dona maxsus yengil avtomobillar ham ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi. Bu raqamlar O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi.





