
O‘zbekistonda faol korxonalar soni 460 mingtadan oshdi
14.10.2025 | 16:3012844
2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 460,3 mingta faol korxona va tashkilot mavjud. Ulardan qariyb 85 foizi kichik biznes va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonda 460,3 mingta faol korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ulardan 390,3 mingtasi yoki 84,8 foizi kichik korxona va mikrofirmalar hisoblanadi.
Hududlar kesimida eng ko‘p faol sub’ektlar Toshkent shahrida — 22,9 foiz, Toshkent viloyatida — 9,7 foiz, Samarqand — 8,6 foiz, Farg‘ona — 8 foiz va Qashqadaryo viloyati — 6,4 foiz ulushga ega. Eng yuqori tadbirkorlik faolligi Toshkent shahri (90,4 foiz), Navoiy (88 foiz), Xorazm (87,3 foiz) va Toshkent viloyatlarida (87,1 foiz) qayd etilgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha yetakchilikni savdo sohasi (32,5 foiz) saqlab qolmoqda. Keyingi o‘rinlarda sanoat (12,6 foiz) hamda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi (7,2 foiz) turibdi. Ushbu uch sektor mamlakatdagi barcha faol korxonalarning yarmidan ortig‘ini tashkil qiladi.
Jami 394,3 mingta tijorat korxonasidan 308 mingtasi (78,1 foiz) mas’uliyati cheklangan jamiyatlar hisoblanib, bu shakl hozircha eng keng tarqalgan biznes tuzilishi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni 17 ming 188 tani tashkil etmoqda, shularning 13 ming 54 tasi to‘liq xorijiy, 4134 tasi esa qo‘shma korxona.
So‘nggi besh yil ichida bunday korxonalar soni 1,8 barobarga oshgan, ularning ulushi esa 53,7 foizdan 75,9 foizgacha ko‘tarilgan. Faqat so‘nggi bir yilda chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni 2 287 taga ko‘paygan (15,3 foiz), asosan savdo, sanoat va qurilish sohalari hisobiga.
Xorijiy sarmoyadorlar orasida yetakchi o‘rinni Xitoy (4570 kompaniya, 26,6 foiz) egallamoqda. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (18,3 foiz), Turkiya (11,9 foiz), Qozog‘iston (6,8 foiz), Janubiy Koreya (4 foiz) va Afg‘oniston (3,6 foiz) joylashgan.





