add

O‘zbekistonda «Fidoyi qutqaruvchi» medali joriy etilishi kutilmoqda

01.02.2026 | 12:102 daqiqa

Favqulodda vaziyatlarda inson hayotini saqlab qolgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida yangi davlat mukofotini joriy etish taklif qilinmoqda.

O‘zbekistonda «Fidoyi qutqaruvchi» medali joriy etilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda «Fidoyi qutqaruvchi» nomli yangi davlat medalini ta’sis etish rejalashtirilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Tashabbus favqulodda vaziyatlar vaqtida inson hayoti va mol-mulkini asrashda alohida jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan shaxslarni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan.

Kimlar taqdirlanadi?

Loyihaga ko‘ra, ushbu medal bilan ko‘p yillar davomida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, qutqaruv ishlarida bevosita ishtirok etgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari taqdirlanadi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy davlatlarda yuz bergan ofatlar oqibatlarini bartaraf etishda faol qatnashgan idora va tashkilotlar vakillari hamda ko‘ngilli qutqaruvchilar ham mukofotga loyiq deb topilishi mumkin.

Ayrim hollarda tezkor harakatlari bilan insonlarning hayotini saqlab qolgan, birinchi yordam ko‘rsatgan yoki halokatli ofatlarning oldini olishga hissa qo‘shgan O‘zbekiston va xorij fuqarolarini ham taqdirlash nazarda tutilgan. Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan fuqaro muhofazasi rahbarlari, mutaxassislari va qutqaruvchilari ham ushbu ro‘yxatga kiradi.

Pul mukofoti

«Fidoyi qutqaruvchi» medali bilan taqdirlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 4 million 420 ming so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi belgilangan. Shu bilan birga, ular qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Medal 0,25 mikron qalinlikda oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanib, diametri 34 millimetr bo‘lgan doira shaklida bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Mukofotlash jarayonlari «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 14-fevralga qadar davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid