add

O‘zbekistonda gaz va neft qazib olish kamaydi, ko‘mir esa aksincha

Bugun 18:471651 daqiqa

O‘zbekistonda tabiiy gaz va neft qazib olish hajmida sezilarli pasayish kuzatildi, biroq ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari yildan-yilga barqaror o‘sib bormoqda.

O‘zbekistonda gaz va neft qazib olish kamaydi, ko‘mir esa aksincha

Milliy statistika qo‘mitasining 22-dekabr kuni e’lon qilingan rasmiy hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalari tomonidan tabiiy gaz va neft ishlab chiqarish hajmida qisqarish qayd etildi. Joriy yilning yanvar–noyabr oylari davomida respublikada 38,9 milliard kubometr tabiiy gaz qazib olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi 41 milliard metr kub hajmga nisbatan 5,1 foizga kamdir. Tahlillarga ko‘ra, gaz qazib olish hajmi 2023 yilning dastlabki o‘n bir oyi bilan taqqoslanganda 10 foizga, 2024 yilga nisbatan esa 4,4 foizga kamayganligi kuzatilgan.

Neft ishlab chiqarish tarmog‘ida ham so‘nggi ikki yil davomida pasayish tendensiyasi davom etmoqda. Hisobot davrida respublika korxonalari tomonidan jami 601,2 ming tonna neft ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56,4 ming tonnaga yoki taxminan 8,6 foizga kamdir. Agar ushbu raqamlarni 2023 yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, neft qazib olish hajmi 108,1 ming tonnaga yoki salkam 15,2 foizga qisqargan.

An’anaviy uglevodorodlar qazib olish kamayib borayotgan bir sharoitda, mamlakatda ko‘mir qazib olish hajmi izchil ravishda oshirib borilayotgani diqqatga sazovordir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘mir ishlab chiqarish hajmi yil sayin yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda. Jumladan, ikki yil oldingi davrda 5,7 million tonna, o‘tgan yilgi hisobot davrida esa 7,3 million tonna ko‘mir ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 7,5 million tonnaga yetkazilgvn.

Teglar

Mavzuga oid