add

O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari oktabr oyida sezilarli darajada oshdi

Kecha 18:151802 Daqiqa

Oktyabr oyida uy-joy oldi-sotdi bitimlari keskin o‘sib, bozorda so‘nggi ikki yildagi eng faol davr kuzatilgan.

O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari oktabr oyida sezilarli darajada oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining yangilangan tahliliga ko‘ra, oktabr oyida respublika uy-joy bozori sezilarli darajada jonlandi. Oy davomida uy-joy oldi-sotdi bitimlari 12 foizga oshib, 27,1 mingtani tashkil etgan. Bu 2023 yil avgustidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.

Barcha hududlarda faol o‘sish kuzatilgan. Eng katta o‘sish Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida kuzatilib, bu yerlarda bitimlar soni o‘rtacha 26 foizga ko‘paygan. Surxondaryo va Sirdaryoda esa o‘sish nisbatan sust kechib, mos ravishda 2 va 4 foiz atrofida bo‘lgan.

Respublika bo‘yicha barcha bitimlarning qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda savdo hajmi oylik hisobda 5,3 foizga, yillik hisobda esa 32 foizga oshgan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida ham narxlar sezilarli darajada o‘sgan. Oktyabrda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 2,4 foizga ko‘tarilgan, sentabrda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 0,6 foiz edi. Yillik hisobda ikkilamchi bozordagi narxlar 7,4 foizga oshgan.

Eng yuqori o‘sish Surxondaryo va Namanganda qayd etilgan — bu hududlarda uy-joy narxlari taxminan 20 foizga qimmatlashgan.

Toshkentda ikkilamchi bozorda narxlar deyarli o‘zgarmagan, o‘rtacha 0,7 foiz atrofida ko‘tarilish kuzatilgan. Biroq o‘tgan yilning oktabriga nisbatan poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari 1 foizga pasaygan.

Eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida ro‘y bergan, bu tumanlarda narxlar taxminan 5 foizga tushgan.

Birlamchi uy-joy bozorida esa aksincha, narxlar o‘sishi davom etmoqda. Oktyabr oyida kvadrat metr uchun o‘rtacha narx yillik hisobda 2,1 foizga oshgan. Bektemir, Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlari eng tez o‘sish qayd etilgan hududlar bo‘lib, bu yerlarda birlamchi bozor narxlari o‘rtacha 5,5 foizga ko‘tarilgan.

Ijara bozorida Toshkentda o‘rtacha stavkalar o‘zgarmasdan qolib, bir kvadrat metr uchun 8,5 dollarni tashkil etgan. Eng qimmat ijara Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanib, bu hududlarda kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,2 dollar to‘lanmoqda. Yillik hisobda poytaxtda ijara narxlari 1,6 foizga o‘sgan. Eng yuqori o‘sish Bektemir, Yashnobod va Sergeli tumanlarida kuzatilib, ijara baholari o‘rtacha 9 foizga ko‘tarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9 oy ichida O‘zbekistonda ikkilamchi uy narxlari dollarda 5 foizga oshganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari oktabr oyida sezilarli darajada oshdi | Vaqt.uz