
O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi pasaydi: nima arzonu nimalar qimmat?
02.09.2025 | 08:0013775
Avgust oyida go‘sht mahsulotlari va tuxum narxlari oshgani, bug‘doy unidan tayyorlangan non, guruch, karamelli konfetlar arzonlashgani aytilmoqda.
Joriy yilning avgust oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi 0,4 foizga ko‘tarildi. Bu esa yillik inflyatsiya darajasining 8,8 foizgacha pasayishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, avgust oyida tuxum 2,7 foizga qimmatlashgan (yillik nisbatda –6,6 foizga arzonlashgan). Go‘sht mahsulotlaridan tovuq boldiri va son qismlari 2,1 foiz (yillik 5,8 foiz), qo‘y go‘shti 1,4 foiz (28,5 foiz), suyaksiz mol go‘shti 0,7 foiz (25,7 foiz), suyakli mol go‘shti 0,2 foiz (24,9 foiz)ga qimmatlashgan.
Respublika bozorlarida mol go‘shtining arzonlashtirilgan narxlarda (1 kg uchun 65-75 ming so‘m oralig‘ida) faol sotilishi o‘rtacha narxlar darajasiga ta’sir ko‘rsatgan va go‘sht narxining indeksi keskin oshib ketmasligiga sabab bo‘lgan.
Avgust oyida narxi tushgan asosiy oziq-ovqatlar quyidagilar: guruch va guruch uni –0,1 foiz (yillik –17,2 foiz), suli yormasi 0,2 foiz (3,6 foiz), oliy navli bug‘doy unidan tayyorlangan non 0,2 foiz (2,1 foiz), karamel konfetlar 0,2 foiz (3,4 foiz) va ugra 0,4 foiz (3,5 foiz) arzonlashgan.
Meva-sabzavot orasidan eng sezilarli o‘zgarish 28,7 foizga (yillik 9,9 foiz) qimmatlashgan tarvuzda kuzatilgan. Qovun 11,7 foiz (3,7 foiz)ga, karam 11,4 foiz (46,5 foiz)ga, kartoshka 3,5 foiz (32,0 foiz)ga, banan narxlari 2,8 foiz (-7,0 foiz)ga oshgan.
Narxi eng ko‘p arzonlashgan mahsulot esa momidor bo‘lgan: 16,8 foiz (-34,7 foiz). Shuningdek, oy davomida uzum 5,4 foiz (-39,5 foiz)ga, baqlajon 4,3 foiz (-12,4 foiz)ga, bodring 3,1 foiz (-15,3 foiz)ga, sabzi 3,1 foiz (69,1 foiz)ga, bulg‘or qalampiri 2,8 foiz (-16,0 foiz)ga, piyoz 2,3 foiz (40,1 foiz)ga, olma narxlari 1,0 foiz (-16,6 foiz)ga tushishi kuzatilgan.
2025 yil avgust oyidan boshlab, Buxoro viloyatida maishiy chiqindilarni olib ketish va Xorazm viloyatida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish xizmatlari tariflari oshdi. Ko‘rsatilgan xizmatlarning oylik iste’mol indeksi respublika bo‘yicha mos ravishda 103,0 foiz va 100,3 foizni tashkil etdi. Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar oy davomida 0,4 foizga oshgan.
Oy davomida dori vositalari narxi 0,2 foiz (8,1 foiz)ga, ambulator davolash xizmatlari 0,4 foiz (9,7 foiz)ga va sog‘liqni saqlashning boshqa xizmatlari 0,6 foiz (11,6 foiz)ga oshgan.
Avgust oyida narxlarning eng ko‘p oshishi (0,7 foiz) Buxoro viloyatida kuzatilgan. Yillik inflyatsiya esa Farg‘onada eng yuqori: 9,7 foiz. Oxirgi bir yilda boshqa hech bir hududda pulning qadrsizlanishi 9 foizga ham yetmagan. Xususan, poytaxt Toshkentdagi yillik inflyatsiya 8,7 foizni tashkil etmoqda.





