
O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga mos «Ultra» bug‘doy navi yaratildi
20.05.2025 | 12:0027133
O‘zbekiston olimlari global iqlim o‘zgarishlariga mos va yuqori hosil beradigan yangi bug‘doy navini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari olib borgan izlanishlar natijasida «Ultra» deb nomlangan bo‘lib, u o‘ta tezpishar bug‘doy navi hisoblanadi.

Ushbu nav odatda iyun oyida pishadigan an’anaviy navlardan farqli o‘laroq, may oyida tayyor bo‘ladi. Bu esa fermerlarga takroriy ekin yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, «Ultra» navi suv tanqisligiga chidamli va serhosil hisoblanadi. Joriy yilda respublikada 3 ming gektar maydonda sinovdan o‘tkazilgan va natijalar kutilganidan yuqori bo‘lgan.
Institut tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada dunyoning turli mamlakatlaridan olimlar qatnashdi. Tadbirda «Ultra» naviga, uning hosildorligi va iqlim sharoitiga moslashuvchanligiga katta qiziqish bildirildi.
Rossiyaning P.P. Lukyanenko nomidagi Milliy don markazi bilan ko‘p yillik hamkorlik samarasida bugungi kunda O‘zbekiston o‘zini bug‘doy bilan to‘liq ta’minlash darajasiga yetdi. Rossiyalik olimlar o‘zbek bug‘doyi va nonini yuqori baholab, uning ta’mi va sifatiga alohida e’tirof bildirdilar.
Institutda yaratilgan ko‘rgazmali tajriba maydonlari, mavjud navlarning boy to‘plami va ular ustidagi qo‘shma tadqiqotlar fermerlarga sifatli va mo‘l hosil olish imkonini bermoqda.





