
O‘zbekistonda istiqbolli tashabbuslar alohida tartibda rag‘batlantiriladi
17.07.2025 | 18:1532033
Prezident farmoniga muvofiq, har yili «Kelajak uchun» forumi o‘tkazilib, dolzarb tashabbuslar saralanadi va amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Prezidentining «Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, aholining faol ishtirokini ta’minlash va kelajakka qaratilgan g‘oyalarni rag‘batlantirish maqsadida yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Farmonda qayd etilishicha, keng jamoatchilik va turli ijtimoiy qatlam vakillarining islohotlarda ishtirokini faollashtirish, aholi uchun ochiq muloqot maydonini yaratish va samarali tashabbuslarni saralash tizimini joriy etish asosiy maqsadlar sifatida belgilandi.
2025 yildan boshlab har yili «Kelajak uchun» forumi tashkil etiladi. Forumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq yo‘nalishlar Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi. Unga oid nizomda forum doirasida tashabbuslarni qabul qilish, baholash va amalga oshirish tartibi aniq belgilab berilgan.
Tashabbuslarni yig‘ish, saralash va umumlashtirish jarayonlari 1 iyuldan 1 sentyabrga qadar Strategik islohotlar agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Baholash mezonlari quyidagilar: dolzarblik, o‘ziga xoslik, amalga oshirish imkoniyati, ta’sir darajasi va ijobiy ijtimoiy natija.
Forum doirasida Mentorlar kengashi tomonidan top-10 deb topilgan tashabbuslar Prezident ishtirokidagi yalpi majlisda muhokama qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan Xalqaro kongress markaziga tashrif buyurib, yoshlarning muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, «yashil energetika» va qishloq xo‘jaligiga oid tashabbuslari bilan tanishdi.





