
O‘zbekistonda jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar e’lon qilinadi
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar yillik sof tushumi BHMning 1 mln baravari va undan ortiq bo‘lishi hamda xodimlarining o‘rtacha yillik soni 500 nafardan kam bo‘lmasligi kabi mezonlar asosida aniqlanadi.

O‘zbekistonda jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi rasman belgilanib, ularning yagona reyestri shakllantiriladi. Bu Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tegishli qaror asosida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, jamoat ahamiyatiga ega tashkilot sifatida e’tirof etilish uchun bir qator iqtisodiy va tashkiliy mezonlar joriy etildi. Xususan, tashkilotning yillik sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari yoki undan ortiq bo‘lishi hamda xodimlarining o‘rtacha yillik soni kamida 500 nafarni tashkil etishi lozim.
Qaror bilan yuqori ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirga ega bo‘lgan yirik tijorat tashkilotlari uchun yillik moliyaviy hisobotlarni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq taqdim etish bo‘yicha ayrim talablar yengillashtirildi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar qatoriga aksiyalari ommaviy savdolarga chiqariladigan kompaniyalar, tijorat va mikromoliya banklari, mikromoliya va faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish hamda kafolatlar berish tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari kiritildi. Shuningdek, investitsiya fondlari va birjalar ham ushbu toifaga mansub etiladi.
Bundan tashqari, aktivlarining balans qiymati, yillik sof tushumi va dividend daromadlari bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravaridan ortiq bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalar ham jamoat ahamiyatiga ega tashkilot sifatida belgilanadi. Oxirgi ikki yil yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkichlarga ega hamda kamida 500 nafar xodim ishlaydigan tashkilotlar ham reyestrga kiritiladi.
Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotlar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritiladi. Reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yuritilib, har yili 1-iyulga qadar Hukumat portali yagona platformasi hamda Ochiq ma’lumotlar portali orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi.





