
O‘zbekistonda jamoat transporti islohoti: Toshkent va viloyatlar uchun yangi tizim joriy etiladi
09.07.2025 | 17:3039184
Prezident raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida jamoat transportini isloh qilish va tirbandlikni kamaytirishga doir milliy miqyosdagi muhim qarorlar qabul qilindi. Yangi tizimga ko‘ra, transport marshrutlari uzaytiriladi, subsidiya mexanizmi kengaytiriladi va intellektual boshqaruv joriy etiladi.

Prezident raisligida yo‘l harakati xavfsizligi va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi jamoat transporti tizimi jiddiy tanqid qilindi. Ayniqsa, shaharlararo avtobuslar grafik bo‘yicha emas, balki yo‘lovchi to‘lganidan keyin yurishi qayd etildi. Sababi — tadbirkorlar uchun zararni qoplash mexanizmi faqat shahar atrofidagi qatnovlarga tegishli bo‘lib, uzoq masofalardagi qatnovlar uchun subsidiya tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Davlat rahbari endi o‘rta va uzoq masofaga qatnaydigan transport uchun yangi tizim joriy qilinishi, xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyati o‘rtasida yagona aglomeratsiya tizimi ishga tushirilishini ma’lum qildi. Poytaxtga kuniga 1 million odam tashrif buyuradi, shundan 275 ming nafari — Toshkent viloyatidan. Shu sababli, shaharga keladigan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15–20 kmga uzaytiriladi va yana 6 ta yangi marshrut tashkil etiladi.
Shuningdek, 1 sentyabrdan Toshkent va Toshkent viloyatida, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa barcha yirik shaharlarda yangi jamoat transporti tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Avtobus va mikroavtobuslarga yo‘lovchi boshiga subsidiya beriladi, utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha imtiyozlar esa yana 3 yilga uzaytiriladi.
Turizm sohasi uchun ham qulayliklar yaratilib, turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona imtiyozlari jamoat transportiga ham tatbiq etiladi. Tadbirkorlardan harakat grafigiga rioya etish va elektron to‘lov tizimidan foydalanish talab etiladi.
Poytaxtda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha Xitoydan 300 mln dollarlik investitsiya jalb qilingan. Shuningdek, 700 dan ortiq chorrahani qamrab oladigan «Intellektual transport» tizimi orqali tirbandliklar 30 foizgacha kamaytirilishi kutilmoqda.





