
O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalar ehtiyoj darajasiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi
13.05.2025 | 17:0948243
Prezident farmoni bilan kam ta’minlangan oilalar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratiladi. Har bir guruhga mos ravishda ijtimoiy yordam turlari belgilanadi.

Joriy yilning 8 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra, 2025 yilning 15 maydan boshlab ehtiyojmand oilalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashning «svetofor» tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Ya’ni oilalar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga bo‘linadi va yordam shu asosda beriladi.
Xususan, «Qizil» toifaga kishi boshiga daromadi 669 ming so‘mdan kam bo‘lgan, ishlash imkoniyati cheklangan yoki boquvchisini yo‘qotgan oilalar kiradi. Ularga 1 iyundan boshlab quyosh panellari o‘rnatib berish, uy hovlisida ko‘chma do‘kon ochish, davlat xizmatlari uchun to‘lovlarda 75 foiz chegirma berish kabi imtiyozlar beriladi.
«Sariq» toifaga esa ishlash qobiliyatiga ega, lekin daromadi yetarli bo‘lmagan oilalar kiradi. Ularning davlat xizmatlari uchun to‘lovlariga 50 foiz chegirma nazarda tutilgan.
«Yashil» toifa daromadi kishi boshiga minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobari — 1 million 3 ming 500 so‘mgacha bo‘lgan oilalarni o‘z ichiga oladi. Bu toifaga oldin «qizil» yoki «sariq»da bo‘lgan, lekin chiqib ketgan yoki ro‘yxatga kirish xavfi yuqori bo‘lgan oilalar kiradi.
Shuningdek, fvrmonda «Qizil» toifadagi oilalarning a’lo bahoga o‘qilgan talaba qizlarga ikki barobar stipendiya to‘lanishi nazarda tutilgan. 1 sentyabrdan boshlab ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun maktablarda bepul uzaytirilgan kun kvotasi joriy etiladi.
Har bir toifadan «yashil» guruhga o‘tgan oilalar yana 12 oy mobaynida ijtimoiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladi.





