add

O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘sdi

2025-yilda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan korxonalar sanoat ulushini sezilarli oshirdi.

O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘sdi

2025 yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 31 ta maxsus iqtisodiy zona, 417 ta kichik sanoat zonasi, 32 ta texnopark va 353 ta klaster faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ularda jami 8 mingdan ortiq korxona ish yuritmoqda. Zonalar kesimida korxonalar soni maxsus iqtisodiy zonalarda 1 070 ta, kichik sanoat zonalarda 3 199 ta, texnoparklarda 3 381 ta va klasterlarda 383 tani tashkil etdi.

Eng katta sanoat ishlab chiqarish hajmi maxsus iqtisodiy zonalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Maxsus iqtisodiy zona korxonalari 45 trln 151,8 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42,7 foiz ko‘pdir. Taqqoslash uchun, 2024 yilning yanvar–sentabr oylarida ushbu ko‘rsatkich 31 trln 639,1 mlrd so‘m bo‘lgan.

Kichik sanoat zonalardagi korxonalar tomonidan 13 trln 402,5 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Texnoparklarda ishlab chiqarish hajmi 1 trln 695,9 mlrd so‘mni, klasterlarda esa 23 trln 918,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida 62,2 mingta yangi kichik korxona va mikrofirma tashkil qilingani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘sdi | Vaqt.uz