add

O‘zbekistonda mikroqarzlar: 2025 yilning avgustiga mavjud vaziyat va muammolar

19.08.2025 | 08:2033984

Avgust oyiga qadar 28 ta bank mikroqarz taklif qilmoqda, ammo yuqori foizlar va ortiqcha qarz berish holatlari bozorda xavotir uyg‘otmoqda.

O‘zbekistonda mikroqarzlar: 2025 yilning avgustiga mavjud vaziyat va muammolar
2025 yilning avgust oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi 35 bankdan 28 tasi mikroqarzlar taqdim etmoqda. Bu turdagi qarzlar 1 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha, muddatlari esa uch oydan besh yilgacha davom etadi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda o‘rtacha foiz stavkalari 34,9 foizdan 36,3 foizga oshgan. Hozirga kelib sakkiz bank — Anorbank, APEX Bank, Hamkorbank, Invest Finance Bank, «Ipak Yo‘li Bank», «Ipoteka-bank», TBC Bank va «Yangi bank» — mikroqarzlarni 40 foiz va undan yuqori miqdorda taklif qilmoqda. Kreditlarni rasmiylashtirish onlayn va oflayn shaklda amalga oshiriladi. Mobil ilovalar orqali murojaat etilganda mablag‘lar virtual hisobga yoki kartaga o‘tkaziladi. Asosiy talablar sifatida ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lish va kamida olti oy ish tajribasi ko‘rsatilgan. Qo‘shimcha ta’minot sifatida uchinchi shaxs kafolati, sug‘urta polisi yoki garovga avtomobil va ko‘chmas mulk kabi likvid aktivlar talab etiladi. 2024 yil 1 noyabrdan Markaziy bank onlayn kreditlar xavfini kamaytirish maqsadida biometrik identifikatsiyani joriy etdi. Bu orqali ariza shaxsan yo‘llanganini tekshirish va mablag‘larning qonuniy olinishini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Biroq bozorda agressiv kreditlash holatlari ham kuzatilmoqda. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil aprel-iyun oylarida 1,1 mln holatda banklar mijoz so‘raganidan ortiqcha mikroqarz taqdim etgan. Bu holat aholini keraksiz qarzga botishi va keyinchalik to‘lov qiyinchiliklariga olib kelmoqda. Shuningdek, ayrim banklar kredit to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatdan oldin undirish yoki davlat nafaqalarini qarz qaytarish uchun ushlab qolish holatlari qayd etilgan. Markaziy bank bu amaliyotlarni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid