
O‘zbekistonda odil sudlov tizimi tubdan isloh qilinadi — raqamlashtirish va kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi
22.08.2025 | 08:2044883
Prezident Shavkat Mirziyoyev sud islohotlari taqdimoti bilan tanishar ekan, tizimda ochiqlik, raqamlashtirish va kadrlar siyosati bo‘yicha yangi qadamlarni ma’qulladi.

2025 yil 21 avgust kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev odil sudlov sohasini takomillashtirishga qaratilgan navbatdagi taqdimotni ko‘rib chiqdi. Sudlar faoliyati inson huquqlarini himoya qilishga qaratilayotgani qayd etildi, ammo muhim vazifalar hamon yechimini kutmoqda.
Taqdimotda «Raqamli sud» konsepsiyasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Bu model rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida korrupsiyaning oldini olish, fuqarolar va tadbirkorlarga sudga murojaat qilishda qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Sud ishlarini elektron tarzda ko‘rish, eksterritorial sudlovni joriy etish taklif etildi.
Fuqarolik va iqtisodiy sudlarda nizosiz ishlar ko‘payib borayotgani sababli, bunday masalalarni ma’muriy organlar vakolatiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu yechim biznes va fuqarolarning muammolarini sudgacha bormasdan hal etish imkonini beradi.
Sud tizimining yangilanishida institutsional o‘zgarishlar ham nazarda tutilmoqda. Viloyat va tenglashtirilgan sudlarda taftish instansiyalarini tugatib, ularni 5 ta mintaqaviy taftish sudlari orqali amalga oshirish taklifi bildirildi. Bunda apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlab qolinadi.
Sudyalar lavozimi barqarorligi va kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, Sudyalar oliy maktabini qayta tashkil etib, Odil sudlov akademiyasiga aylantirish konsepsiyasi taqdim etildi.
Prezident takliflarni ma’qullab, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli farmonlarni imzoladi. Vazirlik va idoralarga vazifalarni tizimli va sifatli ijro etish topshirildi.





