add

O‘zbekistonda olingan diplom 38 ta davlatda tan olinishi mumkin

Bugun 12:553912 Daqiqa

Bilimni baholash agentligi bu bo‘yicha rasmiy axborot berdi.

O‘zbekistonda olingan diplom 38 ta davlatda tan olinishi mumkin

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi noyabr oyi boshida O‘zbekiston «Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya»ni ratifikatsiya qilganini ma’lum qilganidan keyin, fuqarolar orasida chet elda berilgan diplomlarni tan olish tartibi yuzasidan savollar keskin ko‘paydi. Ayniqsa, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlardagi diplomlar avtomatik ravishda O‘zbekistonda amal qiladimi, degan mazmundagi savollar ortdi.

Bu borada Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy izoh berib, diplomlarni tan olish amaldagi qonunchilik — «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 620-son qarori bilan tartibga solinishini ta’kidladi.

Mazkur Nizomga ko‘ra, xorijiy ta’lim hujjatlarini tan olish belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi va faqat alohida hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni maxsus sinovlarsiz tan olinishi mumkin.

Nizomning 7-bandi o‘ninchi xatboshida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinishi belgilangan.

Global konvensiya aynan shu mexanizmni belgilab, unga a’zo davlatlar o‘rtasida oliy ta’lim malakalarini o‘zaro tan olish majburiyatini joriy etadi.

UNESCO shafeligida ishlab chiqilgan ushbu konvensiya oliy ta’lim sohasidagi ilk global huquqiy hujjat hisoblanadi. Uning 4-moddasida ishtirokchi davlatlar boshqa a’zo davlatlarda berilgan diplomlarni tan olishini kafolatlovchi norma belgilangan.

Hozirda 38 ta davlat Global konvensiyaga a’zo. Ular quyidagi mamlakatlardir: Yevropa bo‘yicha — Fransiya, Britaniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Vengriya, Armaniston, Gruziya, Litva, Estoniya va boshqalar; Amerikada — Kuba, Ekvador, Nikaragua, Urugvay; Afrikada — JAR, Tunis, Kotdivuar, Senegal va yana to‘rt davlat; Osiyoda — Yaponiya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Yaman, Falastin; Okeaniyada — Avstraliya va Yangi Zelandiya.

«Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qayd etish kerakki, Global konvensiya doirasida faqatgina unga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida oliy ta’limga oid malaka (diplom)larni o‘zaro tan olish mexanizmlari qo‘llaniladi», — deyiladi agentlik xabarida.

Hozircha Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Global konvensiya a’zolari qatorida emas. Shu bois ushbu mamlakatlardagi diplomlar amaldagi tartib — ya’ni nostrifikatsiya jarayoni orqali tan olinadi.

Teglar

Mavzuga oid