
O‘zbekistonda oqayotgan neft, «o‘lim guruhi»dagi terma jamoa va so‘kong‘ich hokimi o‘rinbosari — 29 iyul dayjesti
29.07.2025 | 22:0811877
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz

Buloqboshi tumanidagi kanalga neft oqib ketdi
Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi kanalga neft oqib ketdi. Bu «Sanoat energetika guruhi»ga qarashli korxonada yuz bergan avariya oqibatida sodir bo‘lgan. Ekologik xizmatlar tomonidan holat o‘rganilib, muammo bartaraf etilgani ma’lum qilindi.
Korxonaga nisbatan rasmiy tekshiruv boshlangan. Tabiatga yetkazilgan zarar va ko‘rilgan choralar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar tekshiruv yakunlaridan so‘ng e’lon qilinadi. Bu keyingi haftadagi ekologik nazoratdagi ikkinchi jiddiy holat bo‘ldi.
23 yillik tanaffusdan so‘ng: O‘zbekiston ayollar jamoasi «o‘lim guruhi»dan joy oldi
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 23 yillik tanaffusdan so‘ng Osiyo Kubogi finalida qatnashadi. 2026 yilgi musobaqada jamoa «o‘lim guruhi» sanalgan «B» guruhidan joy oldi — unda amaldagi chempion Xitoy, KXDR va Bangladesh jamoalari bor.
Qur’a tashlash marosimi Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazildi. Final bosqich 2026 yil 1–21 mart kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston jamoasi uchun kuchli raqiblar bilan to‘qnash kelishi muhim sinov sifatida baholanmoqda.
To‘rtta viloyatda sel xavfi e’lon qilindi
«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, 30 iyuldan 1 avgustgacha Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida kuchli yomg‘irlar sabab sel-suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkin. Tog‘li va tog‘oldi tumanlar aholisi va haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘raldi.
Ayrim hududlarda ko‘chalarni suv bosishi ehtimoli bor. Harorat esa respublika bo‘ylab o‘zgarmas bo‘lib, 32–37 daraja, cho‘l va janubiy hududlarda 40 darajagacha issiq kuzatiladi.
O‘zbekiston aholisining umumiy daromadi qancha? — Statistika qo‘mitasi
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 515,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 9,5 foizga real o‘sgan, ammo o‘sish sur’ati pasaygan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 13,7 mln so‘m bo‘lib, mintaqalardagi farq sezilarli: Toshkentda bu ko‘rsatkich 35 mln so‘mga yaqin, Qoraqalpog‘istonda esa 9 mln so‘mdan kam.
Daromadlarning 60 foizdan ortig‘i mehnat faoliyatidan, 29,4 foizi esa transfertlar — asosan chetdan yuborilgan pullardan kelmoqda. Navoiy viloyati mehnat daromadlari bo‘yicha yetakchi hisoblansa, Toshkent shahrida passiv daromad manbalari — ijara va foiz tushumlari ko‘proq ulushga ega. Ijtimoiy yordam ulushi qisqarmoqda.
Fermerlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagan Sho‘rchi hokimi o‘rinbosari hayfsan oldi
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Alimardonov fermerlarni qo‘pol va haqoratli so‘zlar bilan kamsitgani aks etgan audio ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat hokimligi ovoz unga tegishli ekanini tasdiqlab, fermer bilan tortishuvdan so‘ng yuborilgan javob ovozi ekanini ma’lum qildi.
Alimardonovga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi, ishni huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham o‘rganmoqda. Agar ularning xulosasi bo‘lsa, OAV orqali e’lon qilinishi aytildi. Haqorat uchun Ma’muriy kodeksda jiddiy jarimalar belgilangan.





