
O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi
03.06.2025 | 18:0046793
Prezident qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirishga qaratilgan davlat muassasasi tashkil etilmoqda. Bu orqali resurslardan samarali foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashishda axborot texnologiyalaridan keng foydalaniladi.

2025 yil 30 mayda qabul qilingan Prezident qaroriga ko‘ra, “O‘rmontexnoservis” davlat unitar korxonasi negizida “O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi” tashkil etiladi. U “Aqlli o‘rmon xo‘jaligi” axborot platformasining yagona operatori sifatida faoliyat yuritadi. Platforma orqali o‘rmon resurslarining holati real vaqtda kuzatiladi va boshqaruv jarayonlari raqamlashtiriladi.
Qarorda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2030 yilgacha 1,5 million gektar yerda o‘rmon barpo etish, 3,8 ming gektar maydonda dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar plantatsiyalari yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, shuncha vaqt mobaynida 9,2 ming tonna urug‘ tayyorlash va 919 million dona ko‘chat yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, 2025–2026 yillarda tog‘ va tog‘oldi hududlarda 500 gektar yerda “terrasa” usulida ko‘chat ekiladi. Markaz sun’iy intellekt va integratsiyalashgan axborot tizimlaridan foydalangan holda o‘rmon xo‘jaligi faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Mazkur chora-tadbirlar mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarning bir qismidir.





