add

O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati 8 yilda qariyb 50 foizga o‘sgan

Bugun 15:15261

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2024 yillarda mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 48,1 foizga oshgan.

O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati 8 yilda qariyb 50 foizga o‘sgan

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) taqdim etgan infografikada O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoatining so‘nggi 8 yildagi rivojlanish tendensiyalari aks ettirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, soha hajmi, investitsiyalar, ish o‘rinlari va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha barqaror o‘sish qayd etilgan.

Bu o‘sishga tarmoqqa yo‘naltirilayotgan investitsiyalar muhim rol o‘ynagan. 2017 yilda oziq-ovqat sohasiga 231 million dollar sarmoya kiritilgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 674 million dollarga yetgan.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat sanoati milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylangan. 2017–2024 yillar davomida sohada bandlik darajasi 107,2 foizga, faoliyat yuritayotgan korxonalar soni esa 110 foizga oshgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 3,8 barobarga ko‘paygan.

Ayrim mahsulotlar bo‘yicha ham ijobiy dinamika kuzatilgan. Jumladan, bug‘doy uni ishlab chiqarish hajmi 2017 yildagi 2,6 million tonnadan 2024 yilda 3,3 million tonnaga yetgan.

Sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli o‘sib, 2024 yilda 673,2 ming tonnaga teng bo‘lgan. Shu bilan birga, shakar ishlab chiqarish deyarli barqaror holatda qolgan — 473,3 ming tonnadan 474,4 ming tonnaga.

ITIM ta’kidlashicha, mazkur o‘sish ko‘rsatkichlari tarmoqning eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati 8 yilda qariyb 50 foizga o‘sgan | Vaqt.uz