
O‘zbekistonda parvozlar uchun yagona balandlik va yangi UZ kodi joriy etildi
02.10.2025 | 20:108343
2 oktyabrdan O‘zbekiston milliy havo hududi yangi UZ kodi bilan taniladi.

Bugun, 2 oktyabrdan boshlab O‘zbekistondagi barcha aeroportlarning IKAO (Birlashgan Millatlar Tashkilotining muassasasi bo‘lgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti) kodi o‘zgaradi. UT kodi o‘rniga aeroportlarning O‘zbekistonga tegishliligini anglatuvchi UZ kodi qo‘llaniladi. Bu haqda Transport vazirligi qoshidagi «O‘zaeronavigatsiya» markazi xabar berdi.
Ayni shu sanadan boshlab mamlakat havo hududi uchun yagona o‘tish balandligi - 13 ming fut yoki taxminan 4 km (aerodrom hududidagi yer yuzasidan hisoblanadi), shuningdek, o‘tish esheloni - FL150 (FL - parvoz darajasi, 150 - 15 ming fut yoki 4,5 km, dengiz sathidan balandlik) joriy etiladi. Shu paytgacha bu ko‘rsatkichlar 6000 va 8000 fut edi.
O‘tish balandligi — bu samolyot balandlikka ko‘tarilayotganda barometrik balandlik o‘lchagichning atmosfera bosimi qiymati standart bosimga (760 mm simob ustuni) qayta o‘rnatiladigan balandlikdir. O‘tish esheloni esa - balandlik o‘lchagichning qiymati aerodrom bosimiga o‘zgartirilgandagi shartli parvoz balandligi (standart bosim bo‘yicha) hisoblanadi.
Markazda strategik deb baholangan o‘zgarish uchuvchilar va dispetcherlar ishini yengillashtiradi, radio aloqa seanslarini va qoidalarni kamaytiradi hamda havo harakatini boshqarishni aniqroq qiladi.
Xabarda ta’kidlanishicha, bu nafaqat parvozlarni xavfsizroq qilishi, balki yoqilg‘i sarfini va atmosferaga chiqindilarni kamaytirish orqali iqtisodiy samaradorlikni ham oshirishi kerak.





