
O‘zbekistonda pedagogika oliygohlari tubdan isloh qilinadi
15.05.2025 | 15:5016213
Pedagoglar tayyorlash tizimi yangicha bosqichga o‘tmoqda. Prezident Termiz pedagogika instituti misolida barcha oliygohlar faoliyatini tubdan o‘zgartirishni ma’lum qildi. Yangi tizimga ko‘ra, ta’lim mazmuni va boshqaruv xalqaro standartlarga uyg‘unlashtiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasidagi islohotlarning yangi bosqichini boshladi. E’lon qilingan rejaga ko‘ra, barcha pedagogika oliygohlarida xalqaro boshqaruv va ta’lim standartlari joriy etiladi. Termiz pedagogika instituti bu o‘zgarishlarning namunaviy nuqtasi sifatida belgilandi.
Institutda Yangi O‘zbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi joriy etiladi. Fakultetlar o‘rniga 6 ta yo‘nalish bo‘yicha oliy maktab tashkil qilinadi. Aniq fanlar maktabi Myunxen texnika universiteti, qolganlari esa Kembrij universiteti dasturlariga asoslanadi.
Fanlar soni 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga qisqartiriladi. O‘quv yuklamasi 20 foizga kamaytiriladi. Termiz shahri va tumanidagi 47 ta maktab amaliyot bazasiga aylantiriladi, 15 ta maktab esa metodik tajriba markaziga aylantirilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi.
20 nafar xorijiy til sertifikatiga ega ustoz Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapurga malaka oshirish uchun yuboriladi. Kelgusi 3 yilda barcha ustozlar xorijiy tilni o‘zlashtirib, xalqaro tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Ushbu yangiliklar xususiy oliygohlarga ham taalluqli. Endilikda ulardagi pedagogik yo‘nalishlar ham davlat institutlari standartlari asosida amalga oshiriladi. Bilim sifati tashqi diagnostika orqali baholanadi. Bu orqali xususiy ta’limda ham sifatni nazorat qilish mexanizmi shakllantiriladi.





