add

O‘zbekistonda pullik mobil xizmatlarga avtomatik ulanish taqiqlanish arafasida

06.09.2025 | 15:0046713 daqiqa

O‘zbekistonda abonentlar roziligisiz pullik SMS va onlayn xizmatlarga avtomatik ulanish amaliyoti yaqin orada rasman taqiqlanishi kutilmoqda — yangi qoidalar tayyorlandi.

O‘zbekistonda pullik mobil xizmatlarga avtomatik ulanish taqiqlanish arafasida
O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tartibini yangilash bo‘yicha yangi hujjat ishlab chiqilmoqda. Yangi qoidalar abonentlarning roziligisiz pullik SMS va onlayn xizmatlarga avtomatik ulanishni to‘xtatishni maqsad qilgan. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil boshidan buyon bunday holatlar yuzasidan 1192 ta shikoyat kelib tushgan. Ularning aksariyati asosli deb topilib, abonentlarga jami 683,2 mln so‘m qaytarilgan. Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov bu muammoni tan oldi va ta’kidlashicha, yangilangan qoidalar abonentlarni ikki bosqichli tartibda pullik xizmatlarga ulashni nazarda tutadi. Ya’ni, foydalanuvchiga xizmat haqida to‘liq ma’lumot taqdim etiladi va faqat uning SMS, USSD-kod, qo‘ng‘iroq yoki boshqa ishonchli usul orqali roziligidan keyingina ulanish amalga oshiriladi. Avtomatik ulanish mutlaqo taqiqlanadi. Hujjat hozircha idoralararo muhokama bosqichida. Kelgusida Adliya vazirligida rasman ro‘yxatdan o‘tkazilishi kutilmoqda. Mazkur islohot mamlakatda mobil aloqa xizmatlarining shaffofligi va foydalanuvchilar huquqlarini kafolatlashga qaratilgan muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid