
O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda Yadro tibbiyoti markazi ochiladi
23.06.2025 | 14:3046743
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida «O‘zatom» agentligi va Rossiyaning S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti o‘rtasida O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasiga start berildi. Bu boradagi kelishuv Sankt-Peterburgdagi xalqaro iqtisodiy forum doirasida «O‘zatom» agentligi va Rossiyaning S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti o‘rtasida imzolandi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi. U onkologik yordamni takomillashtirish va yuqori texnologiyali tibbiyot, jumladan, yadroviy tibbiyot sohasida hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qiladi.
Kelishuvga ko‘ra, markaz PET/KT, MRT, KT, siklotron, gamma-pichoq, kiber-pichoq hamda yuqori aniqlikdagi chiziqli tezlatkichlar bilan jihozlanadi. Shuningdek, radiofarmpreparatlar laboratoriyasi ham tashkil etiladi.
Loyiha doirasida radionuklid terapiyasi va izotop tadqiqotlari qamrovini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu orqali xavfli kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash imkoniyatlari oshishi kutilmoqda.
S. Berezin instituti 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Rossiya va MDHning 60 dan ortiq shahrida 80 ga yaqin MRT va KT markazlarini boshqarmoqda. Institut yiliga 1,5 milliondan ziyod tekshiruvlar o‘tkazadi.
Kelishuvdan oldin «O‘zatom» vakillari zamonaviy onkologiya klinikasi va Proton terapiya markazida bo‘lib, Rossiya muassasalari infratuzilmasi va texnologiyalari bilan tanishdilar.





