add

O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi 660 trln so‘mdan oshdi

22.09.2025 | 11:0041494

O‘zbekistonda 2025 yil yanvar–avgust oylarida sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘sishda davom etib 660 trln so‘mdan oshdi.

O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi 660 trln so‘mdan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–avgust oylarida  o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga ko‘p sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Respublikadagi 59 mingga yaqin sanoat korxonalari ichida eng ko‘pi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga to‘g‘ri keldi — 11,9 mingta yoki 20,1 foiz. Shuningdek, nostandart mineral mahsulotlar (14,4 foiz), kiyim (10,1 foiz), metall buyumlar (8 foiz), mebel (6,9 foiz) ishlab chiqarish ham salmoqli ulushga ega. Sanoat ishlab chiqarishning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan miqdori o‘rtacha 17,5 mln so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 109,1 mln so‘m, Toshkent shahrida 40,1 mln so‘m, Toshkent viloyatida 32,2 mln so‘m bo‘lib, respublika o‘rtacha darajasidan ancha yuqori bo‘ldi. Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida o‘sish sur’ati yuqoriroq qayd etildi. Sanoat hajmining asosiy qismi qayta ishlash sohasi hissasiga to‘g‘ri kelib, 561,2 trln so‘m yoki umumiy hajmning 85 foizini tashkil qildi.
  • Qazib chiqarish sohasi 7,5 foiz;
  • Elektr va gaz ta’minoti 6,9 foiz;
  • Suv ta’minoti va chiqindilarni qayta ishlash esa 0,6 foizni tashkil etdi.
2025 yilning sakkiz oyida:
  • 28,9 mlrd metr kub gaz;
  • 434,5 ming tonna neft;
  • 4,7 mln tonna ko‘mir;
  • 13,3 mln tonna sement;
  • 402 ming tonna ip ishlab chiqarildi.
Shu bilan birga, 770,3 ming tonna benzin va 785,8 ming tonna dizel yoqilg‘isi tayyorlandi. Qayta ishlash tarkibida oziq-ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlari 19,4 foiz, tekstil, kiyim va charm mahsulotlari 15,3 foizni egalladi. Metall buyumlar, texnika va avtoishlab chiqarish 18,6 foiz, kimyo hamda plastmassa mahsulotlari esa 7 foizni tashkil qildi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yanvar-iyul oylaridaa 575,6 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi 660 trln so‘mdan oshdi | Vaqt.uz