
O‘zbekistonda sanoat sohasida yetakchi hududlar ma’lum bo‘ldi
2025 yilda mamlakatda sanoat ishlab chiqarishi 963 trln so‘mdan oshib, asosiy ulush yirik hududlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda jami 963,3 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foizga oshgan bo‘lib, sanoat sohasida barqaror o‘sish saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng katta sanoat hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 184,4 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, respublika bo‘yicha mutlaq yetakchilik saqlab qolindi. Bu yerda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar, mashinasozlik, elektrotexnika va qayta ishlash tarmoqlari asosiy o‘rin tutadi.
Ikkinchi o‘rinda 173,5 trln so‘mlik mahsulot bilan Navoiy viloyati qayd etildi. Hududda kon-metallurgiya sanoati, oltin va uran ishlab chiqarish hamda yirik sanoat korxonalarining faoliyati umumiy hajmga katta hissa qo‘shmoqda. Toshkent viloyati esa 146,9 trln so‘m natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Vodiy hududlari orasida Andijon viloyati 94,9 trln so‘mlik sanoat mahsuloti bilan yetakchi bo‘ldi. Farg‘ona viloyatida 50 trln so‘m, Namangan viloyatida esa 34,2 trln so‘mlik ishlab chiqarish hajmi qayd etildi. Bu hududlarda asosan yengil sanoat, avtomobilsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish rivojlangan.
Qolgan viloyatlar kesimida Samarqand viloyatida 51,3 trln so‘m, Buxoroda 43,5 trln so‘m, Qashqadaryoda 40,9 trln so‘m, Jizzaxda 32,1 trln so‘m, Xorazmda 30 trln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 25,8 trln so‘m, Sirdaryoda 23,1 trln so‘m va Surxondaryo viloyatida 16,1 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.





