
O‘zbekistonda Škoda poyezdlarini yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi
Bryusseldagi muzokaralarda Škoda Group O‘zbekistonda poyezd yig‘ish, xizmat ko‘rsatish va kadrlar tayyorlashni o‘z ichiga olgan qo‘shma korxona tuzish rejasini e’lon qildi.

Yevropaning yetakchi transport injiniring kompaniyalaridan biri — Škoda Group O‘zbekistonda poyezdlar yig‘ish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha strategik rejasini taqdim etdi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Loyiha doirasida mamlakatda temiryo‘l transport vositalarini mahalliy sharoitda yig‘ish, ularning butun foydalanish davri mobaynida servis xizmatini amalga oshirish hamda mahalliy mutaxassislar uchun Škoda akademiyasi tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu tashabbus maxsus qo‘shma korxona orqali amalga oshiriladi.
Škoda Group bosh direktori Petr Novotniyning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo kompaniyaning uzoq muddatli strategiyasida muhim o‘rin tutadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa texnologiyalari va tajribasi O‘zbekistonda transport infratuzilmasining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin.
«Biz O‘zbekistonni yevropalik investorlar uchun ochilayotgan muhim hamkor deb bilamiz. Loyihalarimiz nafaqat transport sohasini, balki ta’lim va texnologik modernizatsiyani ham rivojlantirishga hissa qo‘shadi», — dedi Novotniy.
Muzokaralar doirasida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov ham Škoda Group vakillari bilan ikki tomonlama suhbat o‘tkazgan. Tomonlar temiryo‘l va shahar transporti bo‘yicha amaliy hamkorlik qadamlarini muhokama qilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev kompaniyaning Yevropa texnologiyalarini mamlakatda joriy etishdagi faolligini yuqori baholadi hamda uning O‘zbekistondagi uzoq muddatli faoliyatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda Škoda Group nomidan Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bo‘yicha savdo vitse-prezidenti Roman Sorkin ham ishtirok etdi. U Yevropa Komissiyasi va Yevropa investitsiya banki bilan hamkorlikda loyihani ilgari surishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Muzokaralar Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi doirasida o‘tdi. Bu hujjat investitsiyalar, transport va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochib, Yevropa investitsiya banki va YeI Komissiyasining «Global Gateway» tashabbusini amalga oshirishga zamin yaratadi.





