add

O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivoji uchun 50 mln dollar ajratildi

06.10.2025 | 16:1517064

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ularni iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga joriy etish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivoji uchun 50 mln dollar ajratildi
Taqdimotda infratuzilmani yangilash, kadrlar salohiyatini oshirish va sohani kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Sun’iy intellekt bugungi kunda iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik kabi muhim yo‘nalishlarda samaradorlikni oshirish vositasiga aylanmoqda. U davlat boshqaruvini raqamlashtirish, resurslardan oqilona foydalanish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakat sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa yetakchi o‘rinni egalladi. Prezident ta’kidlaganidek, bu natijalar ilk qadamlar samarasidir. Shu bois sohani yanada rivojlantirish maqsadida 2030 yilgacha mo‘ljallangan «Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi» tasdiqlangan va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etilgan. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda SI loyihalarini amalga oshirish uchun 50 mln dollar mablag‘ ajratilgan. Hozirda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, zamonaviy hisoblash quvvatlariga ega superkompyuter klasteri yaratilmoqda. Prezident ilg‘or tajribani o‘rganish, xorijdagi mutaxassislar bilan hamkorlik qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish va investorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim tizimida informatika o‘qituvchilari malakasini oshirish, darsliklarni yangilash va yangi avlod dasturlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. «Bir million sun’iy intellekt liderlari» milliy dasturi doirasida aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalarida beshta bepul onlayn kurs yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, viloyatlarda xakatonlar tashkil etilib, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda. Prezident mazkur rejalarni qo‘llab-quvvatlab, ularni yanada takomillashtirish va sohada kadrlar salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid