
O‘zbekistonda tariflar oshishi ijtimoiy himoyami yoki iqtisodiy inqiroz?
17.06.2025 | 11:3023244
Elektr va gaz narxlarining keskin oshishi ortidagi siyosat Moody’s agentligi tomonidan murakkab islohotlarni amalga oshirishga bo‘lgan siyosiy iroda sifatida baholanmoqda. Raqamlar ijtimoiy himoya choralari bilan birga amalga oshirilmoqda va energetika xarajatlarini to‘liq qoplashni maqsad qilmoqda.
Moody’s xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonda elektr va gaz tariflarining oshirilishi mamlakat hukumati tomonidan murakkab islohotlarni amalga oshirishdagi qat’iy siyosiy irodan dalolat beradi, deb hisoblaydi. Hisobotga ko‘ra, 2024–2025 yillardagi tarif oshishlari 2027–2028 yillarga borib energetika xarajatlarini to‘liq qoplashni maqsad qiladi.
Agentlik ta’kidlashicha, narx oshishlari inflyatsiya bosimiga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, hukumat maosh va pensiyalarni oshirish hamda subsidiyalarni qisqartirish orqali ijtimoiy himoyani ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Bu orqali davlat korxonalari uchun subsidiyalarni bosqichma-bosqich kamaytirish va bozor munosabatlariga o‘tish ko‘zda tutilgan.
2024 yil 1 maydan ijtimoiy norma asosida elektr energiyasi uchun 450 so‘m va gaz uchun 650 so‘mlik yangi tariflar joriy qilingan edi. 2025 yil mayda esa ular mos ravishda 600 va 1000 so‘mgacha oshirildi. 2026 yildan boshlab har yil 1 mayda tariflar inflyatsiya darajasiga bog‘liq holda, lekin 10 foizdan oshmagan miqdorda ko‘tarilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, davlat 2025 yilda ham gaz va elektr uchun subsidiya berishni davom ettirishni ko‘zlamoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot 2028 yildan to‘xtatiladi. Subsidiyalar uchun joriy yilda 12,3 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan.
Moody’s hisobotida davlat boshqaruvini isloh qilish masalasiga ham urg‘u berilgan. 2024 yildan barcha davlat korxonalari va banklar kuzatuv kengashlariga mustaqil a’zolar jalb qilindi. 2027 yilga kelib, davlat banklarida mustaqil a’zolar ulushi 50 foizdan oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, davlat xizmatchilari daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish, manfaatlar to‘qnashuvi va ochiqlikni oshirish bo‘yicha qonunlar va tashabbuslar muhokamada. 2024 yilda korrupsiyaga qarshi agentlik qonun loyihasi tayyor ekanini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, hali ham Oliy Majlisga kiritilmagan.
Moody’s fikricha, ushbu choralar mamlakatdagi siyosiy barqarorlik va institutsional tizimga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi, hamda O‘zbekistonning kredit reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





