O‘zbekistonda taroveh namozining boshlanish vaqtlari e’lon qilindi
Respublika bo‘ylab 2000 dan ortiq masjidda tarovih namozlari ado etiladi.

Ertaga, 18-fevral kuni xufton namozidan so‘ng O‘zbekistondagi masjidlarda tarovih namozi boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatning 14 ta hududidagi masjidlarda tarovih namozining boshlanish vaqtlari:
• Andijon – 20:20;
• Farg‘ona – 20:20;
• Namangan – 20:20;
• Toshkent viloyati – 20:30;
• Toshkent shahri –– 20:30;
• Sirdaryo – 20:30;
• Jizzax – 20:30;
• Samarqand – 20:40;
• Surxondaryo – 20:40;
• Navoiy – 20:40;
• Buxoro – 20:40;
• Qashqadaryo – 20:45;
• Xorazm – 21:00;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 21:00.
2000 dan ortiq masjidda tarovih namozlari o‘qiladi
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy iyl Ramazon oyining ilk kuni 19-fevraldan boshlanadi. Respublika bo‘ylab 2000 dan ortiq masjidda tarovih namozlari o‘qiladi. Tarovih namozlari soat 20:30 dan keyin boshlanadi. Ularda har kuni taxminan 1 millionga yaqin fuqaro ishtirok etishi mumkin.
Ushbu davrda xavfsizlikni ta’minlash uchun 20 mingga yaqin Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb etiladi. Masjidlar atrofi videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, ular IIV Jamoat xavfsizligi departamentining monitoring va muvofiqlashtirish markaziga ulangan.
Shu bilan birga, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 2500 ga yaqin Yo‘l patrul xizmati xodimi xizmat olib boradi. Ayrim masjidlar joylashgan ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi, kirish joylariga maxsus to‘siqlar o‘rnatilib, 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etiladi. Favqulodda holatlar uchun 200 dan ortiq maxsus texnika jalb etiladi.





