
O‘zbekistonda tarvuz narxi bir hafta ichida qariyb uch barobar arzonlashdi
08.06.2025 | 17:0031483
2025 yil may oyining oxirida O‘zbekistonda yangi hosil tarvuzining ulgurji narxi bir hafta ichida qariyb uch barobarga tushib ketdi. Bu so‘nggi kamida besh yilda qayd etilgan eng keskin pasayish hisoblanadi.

Bu haqda EastFruit tahlilchilari ma’lum qildi.
16–22 may kunlari Toshkentdagi ulgurji bozorlarga ilk katta partiya tarvuz yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan taxminan bir haftaga ilgariroq. 23 may holatiga ko‘ra, tarvuzning o‘rtacha ulgurji narxi 7000 so‘mni tashkil etardi — bu 2021 yildan beri aynan shu davrdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.
Biroq atigi bir haftada — 23 maydan 30 maygacha — narx 2,8 barobarga tushib, 2500 so‘mni tashkil qildi. Bu so‘nggi besh yildagi eng tez narx tushishi sifatida qayd etildi.
EastFruit mutaxassislariga ko‘ra, bunday keskin pasayishning asosiy sababi ichki bozorda mahsulot taklifining keskin oshishi bo‘lgan. May oxirida tarvuzning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar past bo‘lsa-da, 2023 yil may oyi oxiridagi ko‘rsatkichdan 25 foizga baland bo‘lib turibdi.
Poliz mahsulotlari mavsumi boshlanishidayoq tarvuz narxining tushishi uning tashqi bozorlarga chiqarilishini faollashtirmoqda.
2020 yildan buyon O‘zbekistonda tarvuz sabzavot-mevalar segmentidagi asosiy eksport tovarlaridan biriga aylangan. 2023 yilda mamlakat 104,7 ming tonna tarvuz eksport qilib, rekord o‘rnatgan, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 98,5 ming tonnani tashkil qilgan.





