
O‘zbekistonda «Xavfsiz yo‘l» dasturi boshlandi: 400 mlrd so‘mlik jamg‘arma tuziladi
09.07.2025 | 17:2223104
Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha katta islohotlar e’lon qilindi. Yangi milliy dastur orqali avariyalarni keskin qisqartirish, yo‘l infratuzilmasini yangilash va jamg‘arma mablag‘larini samarali boshqarish rejalashtirilmoqda.

8 iyul kuni Prezident rahbarligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda qayd etilishicha, hokimlar va YHXX organlari hamkorlikda yo‘l infratuzilmasini yaxshilagan hududlarda sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, Chust tumanidagi halqa yo‘liga muhofaza to‘siqlari o‘rnatilib, ilgari har yili 10 nafar odam halok bo‘lgan uchastkada bu yil biror avariya qayd etilmagan.
Prezident topshirig‘i asosida xalqaro va davlat ahamiyatidagi 1557 km yo‘l holati o‘rganilib, beton va temir to‘siqlar, 967 km trotuar hamda 38 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan Prezident «Xavfsiz yo‘l» nomli milliy dasturni e’lon qildi. Dastur doirasida «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi qayta tashkil qilinib, Hukumatga bo‘ysundiriladi. Har bir viloyatda uning alohida filiali faoliyat yuritadi.
Joriy yilda jamg‘armaga 400 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, foto va video radarlardan tushgan jarimalarning 25 foizi jamg‘arma foydasiga yo‘naltiriladi. YHXX tizimidagi yo‘l belgilari va svetoforlar uchun mas’ul tashkilotlar ham hududlarga o‘tkaziladi.
Jamg‘arma shaffof ishlaydi. Tarkibiga viloyat YHXX, yo‘l boshqarmalari rahbarlari va jamoatchilik vakillari kiradi. Mablag‘lar esa avariya xavfi yuqori bo‘lgan nuqtalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi. Piyoda yo‘laklari, chorrahalar, yoritish tizimlari va raqamlashtirish ishlari shular jumlasidandir.
Eng muammoli nuqtalarni aniqlash maqsadida alohida elektron portal ishga tushiriladi. U yerda tuman hokimliklari va ichki ishlar organlari smeta bilan ma’lumot joylashtiradi, fuqarolar esa loyihalarga ovoz beradi va natijalarni baholaydi.
Jamg‘arma mablag‘ini hududlar salohiyatidan kelib chiqib teng va samarali taqsimlash vakolati ham belgilanadi. Shu orqali ichki yo‘llarni tartibga solish bo‘yicha mas’uliyat to‘liq mahalliy hokimiyat zimmasiga yuklanadi.





