
O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar 33,5 mlrd dollarga yetmoqda
27.09.2025 | 19:0046703
Joriy yilning uchinchi choragi yakuniga kelib O‘zbekistonga jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 33,5 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.

Yanvar-avgust oylarida milliy eksport hajmi 23 mlrd dollarga yetdi va o‘tgan yilga nisbatan 31 foizga o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari past darajada qolmoqda. Bu holat Prezident tomonidan alohida ta’kidlanib, mas’ullarga vaziyatni bartaraf etish uchun amaliy choralar ko‘rish topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev yil yakuniga qadar 7,3 mlrd dollar qo‘shimcha eksportni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Unga ko‘ra, mahalliy korxonalarning yangi bozorlarga chiqishini rag‘batlantirish va xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Davlat rahbari investitsiya siyosatida hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirish zarurligini qayd etdi. Bu maqsadda har bir viloyatga AQSHning muayyan shtatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi. Bunday hamkorlik mahalliy tadbirkorlar va xalqaro sheriklar uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
Prezident matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, investitsiya va eksport jarayonlarini jadallashtirish mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim omil sifatida qaralmoqda. Shu bois mas’ul idoralardan belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlar talab etilmoqda.





